Dzyudo bo‘yicha -81 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Sharofiddin Boltaboyev 27-iyul kuni Tokio—2020 Olimpiadasining bronza medali uchun o‘tish bahsida ishtirok etdi.

Foto: MOQ

Boltaboyev ushbu bahsda gruziyalik Tato Grigalashviliga qarshi tatamiga chiqdi va vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa Sharofiddin ham musobaqani medalsiz yakunladi.

U 1/8 finalda bolgariyalik Ivaylo Ivanovga qarshi bahs yuritib, “oltin ochko” evaziga g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 1/16 finalda vanuatulik Ugo Kumboni mag‘lubiyatga uchratgandi.

Bungacha -63 kg vazn toifasida harakat qilayotgan dzyudochi Farangiz Hojiyeva Kabo-Verde vakili Sandrin Billetga mag‘lub bo‘lib, Olimpiadadagi ishtirokini yakunlagandi.

Taekvondochi Svetlana Osipova esa 1/8 finalda qozog‘istonlik Janzel Denizga qarshi jang qilib, so‘nggi soniyalarda  mag‘lubiyatga uchragandi.