Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In va KXDR yetakchisi Kim Chen In Seul va Pxenyan o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa liniyasini qayta tiklashga kelishib oldi. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyatining Twitter’dagi bayonotga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Janub va Shimol ikki Koreya o‘rtasidagi aloqa liniyasini tiklashga qaror qildi”, — deyiladi xabarda. Xabarga ko‘ra, ikki mamlakat transchegaraviy aloqa liniyasini 27-iyul kuni ertalab soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da) qayta tiklagan.

Seul, shuningdek, ikki Koreya rahbarlari aprel oyidan beri bir necha bor shaxsiy maktublar almashganini ta’kidladi. Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar tiklangani to‘g‘risida xabar bergan.

“Hozir butun koreys xalqi Shimol va Janub aloqalari muvaffaqiyatsizlik va turg‘unlikdan so‘ng tezroq qayta tiklanishini istaydi. Shu munosabat bilan Shimol va Janub rahbarlari yaqinda bir nechta shaxsiy maktublar almashib, koreyalararo aloqa liniyalarini qayta yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro ishonchni tiklash va yarashuvni rag‘batlantirish borasida katta qadam tashlashga kelishib oldi”, — deyiladi agentlik xabarida.

“Aloqa liniyalarining tiklanishi koreyalararo munosabatlarni yaxshilash va rivojlantirishda ijobiy rol o‘ynaydi”, — deya ta’kidlagan KXDR.

Mamlakatlar tez orada o‘zaro ishonchni qayta tiklash va diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib olgan.

2020-yil 16-iyun kuni KXDR Janubiy Koreya bilan barcha aloqa liniyalari uzilganini e’lon qilgandi. Tegishli qarorni Shimoliy Koreya rahbarining singlisi, Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kim Yo Chjon qabul qilgan. KXDR Janubiy Koreya rasmiylari Shimol va Janub o‘rtasidagi munosabatlarni “so‘nggi nuqtaga” olib kelganini va mamlakatlar o‘rtasidagi muzokaralar “faqat umidsizlik” keltirib chiqarishini ta’kidlagan.

Bungacha Shimoliy Koreya harbiylari Keson chegara shahridagi Janubiy Koreya bilan muzokaralarda foydalanilgan aloqa markazini portlatgan.

O‘zaro munosabatlarning uzilishiga Janubiy Koreya nodavlat notijorat tashkiloti faollarining Shimoliy Koreya rejimi va uning rahbariga qarshi tanqidiy tashviqot varaqalarini sharlar yordamida chegara orqali o‘zboshimchalik bilan yuborgani sabab bo‘lgan.

Avvalroq Janubiy Koreya Shimoliy Koreyani ikki davlat o‘rtasidagi aloqa kanallarini tiklashga chaqirgandi.

Shuningdek, KXDR rahbarining singlisi Janubiy Koreya prezidentini “Amerika to‘tisi” deb atagani, Kim Chen In Janubiy Koreya musiqa va filmlariga qarshi urush e’lon qilgani haqida xabarlar berilgandi.