Janubiy Koreya hukumati Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ga 2032-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini Shimoliy Koreya bilan hamkorlikda o‘tkazish bo‘yicha taklif yubordi. Bu haqda hukumat bayonotiga tayanib Yonhap agentligi xabar berdi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: Global Look Press

“23-fevral kuni XOQ 2032-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun Avstraliyaning Brisben shahrini tanladi. Janubiy Koreya va Seul shahri darhol bu qarordan norozi ekanini bildirdi va XOQ bilan maslahatlashdi hamda o‘yinlarning hamkorlikda o‘tkazilishi taklifini berdi”, — deyiladi hukumat bayonnomasida.

Ta’kidlanishicha, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In va Shimoliy Koreya prezidenti Kim Chen In 2032-yilda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida hamkorlik qilishga kelishib oldi. 2018-yilda ular hamkorlik deklaratsiyasini qabul qilgan edi. Shuningdek, hukumat XOQdan boshqa talabgorlar bilan ham muzokaralarni davom ettirishni so‘radi, chunki Brisben hali 2032-yilgi Olimpiadaning rasmiy mezboni sifatida tasdiqlanmadi.

Avvalroq 2032-yilgi olimpiada o‘yinlari Xitoyning Chendu va Chunszin shaharlarida, Qatar poytaxti Dohada, Vengriya poytaxti Budapeshtda va Germaniyaning Reyn-Rur hududida o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

2019-yil iyun oyida XOQ Olimpiada poytaxtini tanlash bo‘yicha odatiy tartibini bekor qildi — endi xalqaro musobaqa boshlanishidan yetti yil oldin o‘yinlar uchun rasmiy joy tanlanish bo‘yicha talablar mavjud emas. Bunday vaziyatda XOQ musobaqa mezbonini tanlashda mamlakatdagi doimiy yoki vaqtincha sport va infratuzilma inshootlari mavjudligidan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Eng maqbul variantni tanlash yozgi va qishki o‘yinlar bo‘yicha maxsus komissiyaga topshirildi, bu esa nomzodlarning xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirdi.

Navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari 2021-yilning 23-iyulidan 8-avgustigacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkaziladi. Ushbu Olimpiada 2020-yilning 24-iyulidan 9-avgustigacha o‘tkazilishi kerak edi, lekin pandemiya sababli o‘yinlar bir yil keyinga qoldirildi. Shuningdek, Tokio—2020 nomi saqlanib qoladi.

Avvalroq Yaponiya hukumati Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlarini chet ellik tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Chet ellik tomoshabinlarga sotib olingan chiptalar puli qaytariladi.

2024-yilda Olimpiya o‘yinlari Parijda, 2028-yilgisi esa AQShning Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladi.