Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In “key-pop”ni (Janubiy Koreya musiqiy janri) “xavfli o‘simta“ deb atadi. Mamlakatda Janubiy Koreya filmlarini tomosha qilgan va musiqalarini tinglaganlar uchun jazo kuchaytiriladigan bo‘ldi. Bu haqda The New York Times (NYT)ning Janubiy Koreya byurosi boshlig‘i Chxve Sang-xun Xunga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: AFP

Chxve Sang-xunning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya o‘tgan yillar davomida Janubiy Koreyadagi hayot mashaqqatlari aks etgan targ‘ibotlarni ilgari surgan. Ammo KXDRga Xitoy orqali noqonuniy kirib kelayotgan Janubiy Koreya filmlari va videokliplari ushbu tasvirga putur yetkazmoqda. Ular koronavirus pandemiyasi tufayli o‘rnatilgan karantin choralari fonida ommalasha boshladi. So‘nggi oylarda KXDR rasmiylari deyarli har kuni Janubiy Koreya filmlari, musiqalari va videokliplarining “antisotsialistik” ta’siri haqida gapirmoqda, deb yozadi NYT.

2020-yil dekabrida Shimoliy Koreya Janubiy Koreya musiqalarini tinglaydigan, filmlarini tomosha qiladigan, kitoblarini o‘qiydiganlarga qarshi qonunlarni kuchaytirdi. Qonunbuzarlar mehnat lagerlarida 5 yildan 15 yilgacha jazo o‘taydigan bo‘ldi. Bunday materiallarni tarqatganlar hatto o‘lim jazosiga tortiladi, deb xabar beradi NYT Janubiy Koreya maxsus xizmatining ma’lumotlariga asoslanib. Daily NK nashrining 2021-yil may oyida yozishicha, KXDR fuqarosi Janubiy Koreya videoroliklari yozilgan CD va USB disklarini noqonuniy sotgani uchun qatl etilgan.

Kim Chen In KXDRda Janubiy Koreya madaniyati tarqala boshlagani haqida ilgari bir necha bor gapirgan. Xususan, 2021-yil aprel oyida u yosh shimoliy koreyaliklarning “mafkuraviy va psixologik holatida katta o‘zgarishlar” yuz berayotganidan ogohlantirdi. “Kim Chen Inning nazdida Janubiy Koreyadan kelayotgan madaniy bosim me’yordan oshib ketdi”, — deydi Yaponiyaning Asia Press International bosh muharriri Ziro Ishimaru NYT’iga.

Asia Press International xabariga ko‘ra, yosh shimoliy koreyaliklarning kompyuterlari, telefonlari va musiqa pleyerlarida Janubiy Koreya kontentlari bor-yo‘qligi tekshirila boshlandi. Bundan tashqari, mamlakatda “janubiy koreyacha uslubda” so‘zlash va yozish taqiqlangan. Xususan, Kim Chen In Janubiy Koreyadagi ayollar o‘zlarining sevgilisi yoki do‘stlariga murojaat qilganda ishlatadigan “oppa” (aka) so‘zini qo‘llashni qoraladi. Buning o‘rniga shimoliy koreyaliklarga juftlari haqida gap ketganda “o‘rtoq” so‘zidan foydalanish tavsiya etiladi.

Daily NK xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan bir qatorda Yaponiya va Amerika madaniyatiga qarshi kurashmoqda. Biroq hamisha shunday bo‘lib kelmagan: 2010-yillarda Shimoliy Koreya televideniyesi Mikki va Minni Maus kiyimidagi personajlarni namoyish etar, Disney’ning “Qirol sher” va “Zolushka” multfilmlari tushirilgan disklar kioskalarda sotilardi. Restoranlarda chet el filmlari, konsertlari va teledasturlarini tomosha qilish mumkin edi.

Kim Chen Inning madaniy siyosatidagi burilish uning 2019-yil fevral oyida o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz kechgan muzokaralaridan so‘ng yuz berdi. O‘shanda Shimoliy Koreya yadroviy qurolsizlanishdan bosh tortdi, AQSh esa sanksiyalarini bekor qilmaydigan bo‘ldi. Shundan so‘ng Kim Chen In KXDR tashqi dunyo bilan savdo-sotiqdan mustaqil ravishda “o‘zini o‘zi ta’minlaydigan iqtisodiyot” qurishini e’lon qildi. Ko‘p o‘tmay pandemiya boshlandi, bu KXDRning jiddiy iqtisodiy muammolarini yanada kuchaytirdi, deb qayd etadi NYT.

“Shimoliy Koreyaning iqtisodiy ahvoli Kim Chen In o‘n yil oldin hokimiyat tepasiga kelganidan buyon eng yomon holatda. Ijtimoiy tartibsizliklarning oldini olish uchun u nazoratni kuchaytirishi kerak”, — dedi Ziro Ishimaru NYT nashriga.