Qozog‘iston universiteti talabasining o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.X. Qozog‘iston xalqlar do‘stligi universitetining 1-kurs talabasi Sh.ning o‘qishini O‘zbekistondagi universitetlardan biriga ko‘chirib berish evaziga 15,6 million so‘m va 300 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Farg‘onada talabaning o‘qishini xorij universitetidan O‘zbekistonga ko‘chirib berish evaziga 8 ming dollar olgan o‘qituvchi qo‘lga olingani, Toshkentda fuqaroning xorijdagi o‘qishini “ToshMI”ga ko‘chirib berish evaziga 6 ming dollar olgan shaxs ushlangani hamda Buxoroda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun ikki fuqarodan 4 ming dollar olgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.