Namangan viloyatining Pop tumanida Damas haydovchisi MAN yuk mashinasiga borib urilishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 10-iyul kuni soat 00:20 larda Toshkent—O‘sh yo‘lining 240-kilometrida yuz bergan. Farg‘ona viloyatida yashagan, 1974-yilda tug‘ilgan fuqaro Damas’ni vodiy—Toshkent yo‘nalishida boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, shu yo‘nalishda o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan MAN rusumli yuk avtomashinasini orqa qismiga borib urilgan.
Oqibatda Damas haydovchisi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Holat bo‘yicha Pop tuman IIB huzuridagi TB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda Nexia-3 beton to‘siqqa urilishi oqibatida haydovchi halok bo‘lgani, Toshkentda Damas va Matiz to‘qnashishi oqibatida 2 haydovchi tan jarohati olgani, Qashqadaryoning Muborak tumanida Nexia va yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida yengil mashina haydovchisi vafot etgani, Samarqandda Lada Largus va Mercedes yuk mashinasi ishtirokidagi YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)