Daryo

Muborakda yo‘lning notekisligi sabab yuzaga kelgan YTH oqibatida Nexia haydovchisi halok bo‘ldi

Nexia yo‘lning o‘ydim-chuqurliklari sabab o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan “KamAZ”ning g‘ildiraklariga urilib ketib, yo‘l chetiga ag‘darilgan

1 daqiqa o‘qish40 446 ko‘rishlar0 izoh0
Kadr: Telegram

Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida Nexia va yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yengil mashina haydovchisi vafot etdi, deb xabar beradi IIV YHXBB axborot xizmati.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 7-iyul kuni soat 06:30 larda Qashqadaryo viloyati YHXBga A-380 G‘uzor—Buxoro—Nukus—Denov avtomobil yo‘lining Muborak tumani hududidan o‘tuvchi 115-kilometrida Nexia avtomobili ag‘darilib ketgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Aniqlanishicha, Muborak tumani yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Nexia avtomobili yo‘lning o‘ydim-chuqurliklari va notekisligi sabab o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan “KamAZ” yuk mashinasining g‘ildiraklariga urilib ketib, yo‘lning chetiga ag‘darilgan.

YTH sodir bo‘lgan 172-yo‘l bo‘lim boshlig‘i Oybek Temirovning so‘zlariga ko‘ra, avariya sodir bo‘lgan joyda yo‘l chiziqlari chizilgan, yetarlicha yo‘l belgilari o‘rnatilgan, yo‘ldagi notekisliklarni bartaraf etish uchun “Muntazam yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi direktori Husniddin Xudoyberdiyevga talabnoma qilingan.

“Yo‘lning notekisligini bartaraf qilish menga bog‘liq emas. ‘Kattalarga’ amaliy yordam ko‘rsatishlari uchun talabnoma yozilgan. 1 oy-u 6 kun bo‘ldi, hech qanday amaliy yordam ko‘rsatilmadi”, — deydi Temirov.

Natija bo‘lmagani uchun nima sababdan yuqori turuvchi organlar, xususan, prokuraturaga murojaat qilmagani to‘g‘risida savolga Oybek Temirov “ular 10-15 kunda yordam ko‘rsatilishini aytib, bergan va’dalariga ishonganini” bildirgan.

Avvalroq Namanganda Nexia-3 beton to‘siqqa urilishi oqibatida haydovchi halok bo‘lgani, yo‘lovchi esa reanimatsiyaga joylashtirilgani, Samarqandda Lada Largus va Mercedes yuk mashinasi ishtirokidagi YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani, Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit boshqaruvidagi Nexia pastlikka tushib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar