Mo‘g‘ilistonda Yaponiya hukumatining imtiyozli kreditlari hisobiga qurilgan yangi “Chingizxon” xalqaro aeroporti ochildi. Bu haqda Anadolu Agency xabar berdi.
Yangi havo bandargohidan birinchi reysni Mo‘g‘iliston milliy aviakompaniyasi — MIAT amalga oshirib, Tokioga parvoz qildi. Mo‘g‘iliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux aeroportning ochilish marosimida so‘zga chiqib, ushbu tadbir mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Tantanada, shuningdek, aeroportni kelgusi 15 yil davomida boshqarishga mas’ul New Ulaanbaatar International Airport mo‘g‘il—yapon qo‘shma kompaniyasi bosh direktori Kato Takeo so‘zga chiqdi.
“Yangi aeroport Mo‘g‘ilistonga kirish darvozasi, shuning uchun biz Mo‘g‘iliston fuqarolari va mehmonlarini mamnun qilishni ta’minlash uchun harakat qilamiz”, — dedi Takeo.
Ulan-Batordan 50 km janubda, Tuv aymog‘ining Xushig vodiysida joylashgan yangi obyekt yiliga 3 milliongacha yo‘lovchini qabul qilishi mumkin.
Aeroport maydoni, taxminan, 104 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda uzunligi 3600 metr va kengligi 45 metr bo‘lgan bitta uchish-qo‘nish yo‘lagi mavjud. Yo‘lovchi terminallarining maydoni esa 35 ming kvadrat metrga teng.
Aeroport xalqaro standartlarga javob beradi va Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanadi.
Aeroport 12 ta aviakompaniya samolyotlariga xizmat ko‘rsatadi, jumladan, Mo‘g‘il aviakompaniyasi (MIAT), Aero Mongolia, Hunnu Air, Eznis Airways, Air China, “Aeroflot”, “Angara”, Turkish Airlines, Korean Air, Asiana Airlines, Air Busan va SCAT Airlines.