2-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, tomonlar afg‘on mojarosini hal qilishning hozirgi holati istiqbollarini hamda mintaqada tez muddatlarda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashuvchi choralarni muhokama qilgan.

“Afg‘onlararo muzokaralarni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy savdoni rivojlantirish, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashuvini tezlashtirishga o‘zaro intilishning mavjudligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili 2021-yil 15−16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiya ishida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Afg‘oniston shimolida hukumat qo‘shinlari va “Tolibon” harakati o‘rtasida jangovar to‘qnashuvlar davom etmoqda. Ushbu mamlakatda bo‘layotgan voqealar bo‘yicha shu yilning 24-iyun kuni Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston davlati va hukumatining rasmiy pozitsiyasini e’lon qildi.

23-iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar O‘zbekiston hududiga qochib o‘tdi. Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng, ular vataniga qaytarildi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov afg‘onlar O‘zbekiston hududiga bundan keyin ham yana bir necha bor qochib o‘tganini ma’lum qildi.

23-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon telefon orqali suhbatlashib, Afg‘onistonning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarida, ikki mamlakatning Afg‘oniston bilan davlat chegarasi o‘tadigan hududlari bo‘ylab vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatni juda keskin deb baholadi. Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham telefon orqali muloqot qilib, Afg‘oniston chegaraoldi hududlaridagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildi.