O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirligida Afg‘oniston delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik rasmiy vakili Yusup Kabuljanov.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Qayd etilishicha, 2021-yilning 30-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvays Nab bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatda energetika, transport va kommunikatsiya sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Afg‘oniston chegaraoldi hududlaridagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qilgani, O‘zbekistonga so‘nggi ikki kunda yana 47 nafar afg‘onistonlik harbiy qochib o‘tgani hamda Abdulaziz Komilov “Tolibon” nima xohlayotganini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.