Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Baydenning yuzma-yuz uchrashuvi Jenevadagi La Grange villasida yoki Hôtel Résidence Parc des Eaux Vives mehmonxonasida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda NZZ am Sonntag nashriga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: ”RIA Novosti”

Nashrning yozishicha, ushbu darajadagi uchrashuvni belgilaydigan bir qator omillar mavjud bo‘lib, unga ko‘lga qaragan Shveysariya villasi juda mos keladi.

NZZ am Sonntag 1985-yilda Sovet va Amerika rahbarlari Mixail Gorbachyov va Ronald Reyganning uchrashuvini eslatib o‘tdi. O‘shanda davlatlar rahbarlari Jeneva tashqarisidagi Versua kommunasida joylashgan Fleur d’Eau villasida muzokara o‘tkazgan edi.

Nashr fotomuxbirining aniqlik kiritishicha, Shveysariyaning yana bir villasi La Grange’da “harbiy etik kiygan odamlar” binoni ko‘zdan kechirayotgani ko‘ringan hamda villa va mehmonxona joylashgan park bir necha kun xavfsizlik xodimlari bilan to‘ldirilgan.

Prezidentlar uchrashishi mumkin bo‘lgan yana bir joy o‘sha parkda joylashgan Hôtel Résidence Parc des Eaux Vives mehmonxonasi.

Ta’kidlanishicha, sammit davomida Jenevaning butun markazi yopilishi kerak. Nashrning ta’kidlashicha, eng mashhur besh yulduzli beshta mehmonxonaning uchtasida 15-iyundan 16-iyunga o‘tar kechasi barcha xonalar band qilingan. Shveysariya tashqi ishlar vazirligi bu masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.

Shveysariya OAV xabar berishicha, Shveysariya hukumati Bayden va Putinning sammiti chog‘ida Jeneva ustidan samolyotlarning havo hududiga kirishini cheklash choralarini ishlab chiqmoqda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlar katta ahamiyatga ega.

Havo maydoniga kirishni cheklash sxemasi Shveysariya fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi tomonidan Shveysariya havo kuchlari, bir qator federal xizmatlar va havo harakatini boshqarish xizmati bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar yaqinda Jeneva ko‘li bo‘yidagi “O-Viv” plyajiga havo hujumiga qarshi mudofaa komponentlarini o‘rnatish zarurati bor yoki yo‘qligini tekshirib chiqqan.

Shveysariya rasmiylari kelasi hafta sammit davomida Jenevada xavfsizlikni ta’minlashda mamlakat qurolli kuchlarining ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qilishi kutilmoqda. O‘z navbatida, Jeneva kanton politsiyasi ushbu tadbir davomida bir nechta zirhli mashinalarni ijaraga olishga qaror qilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Bayden bilan uning Putin bilan sammitidan oldin uchrashishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga Zelenskiy Baydenning tig‘iz jadvali tufayli buni amalga oshirishning iloji yo‘qligini tushunib turibdi.

“Ishonchim komilki, u yoki bu shaklda muloqot qilish mumkin”, — dedi Zelenskiy. Ukraina rahbari yakuniy qarorni amerikalik hamkasbiga qoldirdi.

Avvalroq Donbassdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha uch tomonlama aloqa guruhidagi Kiyev delegatsiyasi rahbari Leonid Kravchuk Baydenga Zelenskiy bilan hech bo‘lmaganda telefon orqali suhbatlashishni taklif qilib, bu Baydenning Rossiya rahbari bilan suhbatida asqatishi mumkinligini aytgandi. Kiyev allaqachon Rossiya va AQSh sammitidan oldin Ukraina prezidenti Baydenga qo‘ng‘iroq qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13-aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi bilan uchinchi davlat hududida uchrashish istagi borligini aytgan edi. Kreml sammitning Yevroittifoq davlatlaridan birida bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. 4-may kuni Bayden uchrashuvning iyun oyida bo‘lib o‘tishini “umid bilan kutayotgani”ni aytdi. Keyinchalik Kreml rahbarlarning uchrashuvi 16-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishini tasdiqladi.

Avvalroq AQSh va Rossiya Putin va Baydenning uchrashuvidan nimalar kutayotganini ma’lum qilgan edi.