1873-yil 5-iyun kuni Angliya hukumati bosimi ostida Afrikaning Zanzibar orolida joylashgan dunyodagi eng katta qul bozori yopildi. Tarixning qora sahifalaridan o‘rin olgan ushbu joy haqida “Daryo” hikoya qiladi.
Zanzibar (hozirgi Tanzaniya davlati hududi) — Afrikaning sharqiy sohilidagi kichik orol bo‘lib, o‘zining ajoyib tabiati bilan sayyohlar orasida ancha mashhur. Ammo orol qachonlardir ko‘plab insonlarning so‘nggi maskani va qora qismati bo‘lgan.
Dastlab bu kichik orol juda muhim ahamiyatga ega bo‘lmagan. Asosan, arab, fors, hind va afrika xalqlari orasidagi savdo tranziti bo‘lib xizmat qilgan. 1499-yilda Yevropadan Hindistonga dengiz yo‘lini ochgan Vasko da Gama Zanzibarda ham to‘xtab o‘tadi, undan biroz keyin kelgan portugal armiyasi orolni egallab, Zanzibar ustidan o‘z nazoratini o‘rnatadi. Shu tariqa orol ikki asr Portugaliyaga qaram bo‘lib qoladi.
Aynan shu davrda, Zanzibar portugallar qo‘liga o‘tgach, oroldagi Ston Taun – Tosh shahar Afrikaning qullar savdo markaziga aylana boshlaydi. Hind okeani janubidagi qaroqchilar bu yerga talon-toroj qilingan boyliklar va asirga olingan minglab odamlarni olib keladi. Tez orada Zanzibarda alohida qul bozori paydo bo‘ladi. Dengiz janglaridagi asirlar kamaya boshlagach, qullar Afrikaning markaziy qismidan ovlanib, keltirila boshlanadi. Shunday qilib Zanzibar qul savdosining asosiy markaziga aylanadi-qoladi.
XIX asr boshlarida Hind okeanida joylashgan bu kichik orol butun dunyo qul savdosi poytaxtiga aylandi. 1663-yilda Buyuk Britaniya tomonidan imperiya mustamlakalariga aynan Afrikadan qul yetkazish bo‘yicha “Qirollik Afrika kompaniyasi” tashkil etildi. London, Bristol, Liverpul kabi shaharlarda qora tanli qullar birjalari ochildi. Keyinchalik bu bozorga Portugal, ispan va fransuzlar ham qo‘shildi. Qullarning juda kam qismi qaroqchilar tomonidan qo‘lga olingan yoki sotilgan edi.
Qul bozorining asosiy to‘ldiruvchilari bu — mustamlakachi davlatlar edi. Ular Afrikaning o‘zlari egallangan hududlaridagi mahalliy aholini qullikka tushirardi. Bundan tashqari mahalliy oqsoqollarning o‘zlari ham boylik ilinjida fuqarolarini qullikka yuborgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra XIX asrda Zanzibarda yiliga o‘n mingdan o‘ttiz minggacha qullar sotilgan. Ularning aksariyati Malavi va Kongoning asirga olingan qora tanli aholisi edi.
1830-yildan 1873-yilgacha Zanzibar orolida 600 ming qul sotilgan. Bu o‘sha davr uchun juda dahshatli raqam (butun Afrika aholisi 90 million atrofida bo‘lgan).
Zanzibarga keltirilgan qullar juda og‘ir sharoitlarda saqlangan, ularga tovar o‘rnida munosabatda bo‘lingan. Qullar sotiladigan bozordan uncha uzoq bo‘lmagan joyda qullar saqlanadigan g‘or-yerto‘lalar joylashgan. Balandligi odam bo‘yidan biroz past bo‘lgan kichik xonalarda qullar “omadi kelib” sotilishiga qarab bir necha kundan bir necha oygacha saqlangan.
1698-yilda Zanzibar Ummon sultonligi tarkibiga qo‘shib olinadi. Ammo bu qul savdosi rivojiga ta’sir qilmaydi. Hatto Ummonning qudratli sultonlaridan biri Sulton Said mamlakat poytaxtini Maskatdan Zanzibarga ko‘chiradi. Keyinchalik shu ko‘chish natijasida bir-biridan mustaqil Ummon va Zanzibar sultonliklari tashkil topadi. Arablar hukmronligi davrida ham Zanzibarda qul savdosi ancha rivojlanadi.
Faqatgina 1873-yilga kelib Angliyaning kuchli bosimi ostida sulton Bargash ibn Said Zanzibarda qullikni bekor qiluvchi qarorga imzo chekadi. Ston Taundagi qul bozori yopiladi va davlatda qul savdosi taqiqlanadi. Sobiq qul bozori maydonida anglikan sobori qad ko‘tardi. Aytish mumkinki, dunyo qul savdosiga qarshi kurashish va uni tugatishda Buyuk Britaniya asosiy rol o‘ynadi. Inglizlar Afrika sohillarida patrul tashkil qilib, kemalarni tekshirdi, minglab qullarni ozod qildi.
Hozirgi kunda ushbu ulkan sobor oldida qullik qurbonlari xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgan.
Muhammadqodir Sobirov tayyorladi