Hindiston Rossiyadan ijaraga olgan “Nerpa” atom suvosti kemasini qaytarib bermoqda. Bu haqda The Hindustan Times va News Nation telekanali manbalariga asoslanib “RBK” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, “Nerpa” 2012-yilda Rossiyadan o‘n yil muddatga ijaraga olingan. Suvosti kemasini ijaraga olish shartnomasi Hindistonga 2,5 milliard dollarga tushgan. Kema “Chakra” nomi ostida ekspluatatsiya qilingan.
Nashrlar uning ijara muddati yaqinlashishi munosabati bilan Rossiyaga qaytarilayotgani haqida yozmoqda. Ularning aniqlik kiritishicha, suvosti kemasining fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan, ammo bu haqda rasmiy izohlar berilmagan.
NDTV kanalining xabar berishicha, ayni paytda suvosti kemasi bortida hind ekipaji bilan Rossiyaning Vladivostok shahriga qarab harakatlanmoqda. Suvosti kemasiga harbiy kema hamrohlik qilmoqda.
Shu bilan birga, NDTV o‘z manbalariga asoslanib xabar berishicha, suvosti kemasining ijara muddati tugashidan o‘n oy oldin qaytirilishiga texnik xizmat ko‘rsatish, jumladan, dvigatellardagi muammolar sabab bo‘lgan.
To‘qqiz yil davomida “Nerpa” suvosti kemalari ekipajlarni tayyorlashda, shuningdek, Hindistonni tashvishga solib, tezlik bilan kengayib borayotgan Xitoy dengiz floti harbiy kemalarining harakatini kuzatishda keng qo‘llanilgan, deb xabar beradi NDTV.
“Nerpa” suvosti kemasi “Shuka-B” (NATO tasnifidagi Akula-1) suvosti kemalari sinfiga kiradi. 2009-yildan beri u Rossiya dengiz flotida xizmat qilib kelgan.
2019-yilda Hindiston Rossiya bilan shu sinfga kiruvchi yana bir atom suvosti kemasini 10 yilga ijaraga olish to‘g‘risida 3 milliard dollarlik shartnoma imzolagan edi. Rossiya kemani 2025-yilda yetkazib berishi kerak.