Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 172 871 377 kishini tashkil qilmoqda. Virus oqibatidagi o‘limlar soni esa 3 718 983 taga yetdi. Kasallanish holatlarining ko‘pligi bo‘yicha AQSh (33,3 million), Hindiston (28,6 million), Braziliya (16,9 million), Fransiya (5,7 million) va Turkiya (5,2 million) yetakchilik qilmoqda.
Qorbobo koronavirusga qarshi emlandi
Rossiyaning Vologda viloyati Velikiy Ustyug shahrida yashaydigan Qorbobo (Ded Moroz) COVID-19’ga qarshi vaksina oldi. Bu haqda viloyat gubernatori Oleg Kuvshinnikov ma’lum qildi.“Qorbobo birinchi bo‘lib emlandi va o‘zini yaxshi qilyapti. Qorbobo mutlaqo xavfsiz”, — dedi hudud rahbari Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida.
Ma’lumot uchun: “Velikiy Ustyug — Qorbobo vatani” loyihasi 1998-yildan beri amalga oshirilmoqda. Ertak qahramonining Vologda viloyatidagi manziliga har yili minglab sayyohlar tashrif buyuradi: ekskursiyalarga boradi, taniqli ertak qahramonlari va Qorboboning o‘zi bilan ko‘rishadi.
Nepalda “qora zamburug‘”dan birinchi o‘lim qayd etildi
Nepalda mukormikoz yoki “qora zamburug‘”ning ilk qurboni 65 yoshli erkak bo‘ldi. “U 2021-yil 3-iyun kuni vafot etdi. Burundan olingan surtma test qilinganida zamburug‘ gifalari chiqdi, burun va lab biopsiyasi esa mukor borligini ko‘rsatdi”, — deya ma’lum qilindi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligida.Nepal g‘arbida yashovchi erkak unda boshning chakka qismi ensefaliti aniqlanganidan keyin reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan edi. Shu bilan birga, marhum koronavirusga chalinmagan.
Ayni paytda Nepalda mukormikozga chalinish bilan bog‘liq kamida o‘ntacha holat qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, mukormikoz yoki “qora zamburug‘” zamburug‘ infeksiyasi asorati bo‘lib, asosan, Hindistonda tarqalgan — u yerda diabet bilan kasallanganlar soni katta bo‘lgani uchun. Mukormikoz simptomlari burunda va tanglaydagi nekrotik shikastlanishlar, buning oqibatida esa og‘riq, isitma, burundan yiring oqishi va boshqalardan iborat.
Mavzuga doir: Misrda 7 kishida qora zamburug‘ aniqlandi. Hindistonda sariq zamburug‘ga chalingan ilk bemor vafot etdi
Qozog‘istonda COVID-19’ga qarshi vaksina olganlarga sovg‘alar berilmoqda
Nur-Sulton shahridagi savdo markazlarida emlanganlarga sovg‘alar tarqatilayotgani haqida shahar hokimligi ma’lum qildi. Fuqarolar vaksina olganidan keyin darhol yutuqli lotereyada ishtirok etmoqda. Sovg‘alar orasida maishiy texnika, elektronika va boshqalar bor.Qozog‘iston poytaxtida jami 100 dan ortiq emlash punktlari ochilgan bo‘lib, ular birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida, yirik savdo-ko‘ngilochar markazlarida va savdo uylarida joylashgan.
Xitoyning Guanchjou shahrida koronavirus xavfi tufayli cheklovlar kiritildi
Xitoy janubidagi eng muhim shahar — Guanchjou ma’muriyati COVID-19’ga chalinish bilan bog‘liq yangi holatlar aniqlangani sababli 5-iyun, shanba kuni tijorat faoliyati va ijtimoiy faollikka nisbatan cheklovlar kiritdi.Xususan, Nansha, Xuadu va Sunxua tumanlari aholisiga, shuningdek, ushbu tumanlar orqali yurib o‘tgan barcha odamlarga koronavirusga test topshirish majburiyati yuklandi. Nanshada restoranlarning mijoz qabul qilishi taqiqlanib, sport zallari, basseynlar va boshqa jamoat joylari yopildi.
Shaharda o‘nlab metro stansiyalari ham yopiladi. 5-iyun kuni Xitoyda bir kecha-kunduzda 24 kishida COVID-19 aniqlangani, shularning 13 nafari Guandun provinsiyasida yashashi ma’lum qilindi.