Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi masala ijobiy hal qilindi, evakuatsiya qilingan qirg‘izistonliklar qishloqlariga qaytariladi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.
Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston bilan 4-iyun kuni o‘tkazilgan muzokaralar natija bermagan, shu sababli Qirg‘iziston rasmiylari O‘sh viloyatining Chon-Olay tumanidagi bir nechta qishloq aholisini xavfsiz zonalarga ko‘chirishga qaror qilgan.
“4-iyun kuni biz Tojikistonning chegara masalalari bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari general-polkovnik Sayimumin Yatimov bilan muzokaralar olib bordik. O‘sha kungi muzokaralar natija bermadi, shuning uchun biz aholini evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldik. 5-iyun kunidagi yig‘ilish Bishkek vaqti bilan soat 13:00 da yakunlandi. Masala ijobiy hal qilindi deb ayta olaman. Birgalikda biz 7—8 banddan iborat protokolni qabul qildik. Ikki soat ichida ularni nashr qilamiz”, — dedi Qamchibek Tashiyev.
U Qirg‘iziston qo‘shinlarini olib chiqib ketish, shuningdek, evakuatsiya qilinganlarni uylariga qaytarish to‘g‘risida buyruq berilishini qo‘shimcha qildi. “Biz erishilgan kelishuvlarni buzmadik va birgalikda qabul qilingan shartnomalar doirasida ish olib boramiz”, — deya xulosa qildi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Asia-Plus ham 5-iyun kuni Qirg‘iziston va Tojikistonning davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha tomonlar davlat komissiyasining ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini xabar qildi.
Nashr xabariga ko‘ra, tomonlar quyidagilar to‘g‘risida protokol imzolagan:
- har ikki tomonda chegara postlarini 3 km ichkariroqqa kiritish;
- qo‘shinlarni, harbiy texnikani doimiy joylashgan joylariga olib chiqish, faqat doimiy chegara otryadlarini qoldirish;
- ushbu hududdagi yaylovlardan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilindi;
- davlat chegarasidagi har qanday harakatlar oldindan tomonlarning hamraislari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerak;
- tomonlarning chegara qo‘riqchilari xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi lozim;
- ommaviy axborot vositalarida avval imzolangan protokollarda qabul qilingan qarorlarga muvofiq, faqat ikkala tomon kelishgan ma’lumotlarni tarqatish;
- topografik ishchi guruhlar rahbarlariga qisqa vaqt ichida PT № 12 \ 2 dan PT № 12 \ 9 gacha bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasining uchastkalarini tavsiflashni yakunlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi;
- tomonlarga chegaradosh qishloqlar aholisi bilan tushuntirish ishlarini olib borish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 4-iyun kuni ertalab Qirg‘iziston matbuoti Tojikistonni kelishuvlarni buzganlikda va chegaraning tavsiflanmagan qismida konteyner o‘rnatganlikda ayblagan edi.
Tojikiston chegara qo‘shinlari tojik—qirg‘iz chegarasida chegara patrulini namoyish qilishni qonunbuzarlik deb hisoblamasligini hamda Qirg‘iziston bilan tuzilgan kelishuvning buzilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.
Ularning ta’kidlashicha, protokol kelishuviga binoan, “chegara patruli kelishilgan hududda va teng huquqlilik tamoyili asosida namoyish etilgan”.
Keyinchalik tomonlar o‘zaro nota almashdi: Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning Tojikistondagi elchisiga, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ham mamlakatdagi Tojikiston elchisiga nota topshirdi.
Mavzuga doir:
- Qirg‘iziston harbiy vertolyoti Tojikiston chegarasi yaqiniga favqulodda qo‘ndi
- Qirg‘iziston va Tojikiston ikki davlat chegarasida hibsga olingan fuqarolarni almashdi
- Qirg‘iziston muammoli masalalar hal qilingunicha Tojikiston bilan chegarani to‘liq yopib qo‘ydi
- Qirg‘iziston parlamenti chegaradagi vakolatli fuqarolarga qurol berishni taklif qilmoqda
Izoh (0)