Coca-cola Ichimligi Uzbekistan, Ltd MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayonining uchinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi. Ushbu kompaniyadagi davlat ulushini sotish bo‘yicha jarayonning birinchi bosqichi fevral oyida, ikkinchi bosqichi mart oyida yakunlangandi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 12-aprelidan 24-maygacha bo‘lgan muddatda:
- talabgorlarga kompaniyaga tashrif buyurish, joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazish, kompaniya rahbariyatiga qo‘shimcha savollar berish va ular bilan suhbat o‘tkazish imkoniyati berildi;
- talabgorlardan (va ularning vakolatli maslahatchilaridan) kelib tushgan savollarga javoblar berilib, menejment taqdimoti sessiyalari va onlayn muloqotlar o‘tkazildi;
- talabgorlarga davlat ulushining oldi-sotdi shartnomasi loyihasi taqdim etildi.
Mazkur takliflar Rothschild & Cie investitsiya banki va Dentons yuridik firmasi bilan birgalikda o‘rganib chiqilib, Davlat tender komissiyasi tomonidan sotish jarayonining yakuniy bosqichini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Mazkur bosqichda davlat ulushini sotish narxini aniqlashtirish va oldi-sotdi shartlarini yaxshilash maqsadida talabgorlar bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkaziladi. Natijasi bo‘yicha savdo g‘olibi Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan’ning ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda Davlat tender komissiyasining qaroriga muvofiq e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd MChJ ustav kapitalidagi 57,118 foiz ulushini oshkora sotuv jarayoni orqali sotish istagini 2020-yilning dekabr oyida e’lon qilgandi.
Ushbu kompaniya davlat ulushining sotilishi bo‘yicha ko‘rsatgan shartlar orasida sotib oluvchi kamida 7 yillik tajribaga ega bo‘lishi, yillik sof tushumi 200 million dollardan kam bo‘lmasligi, alkogolsiz ichimliklar bo‘yicha xalqaro tajribaga ega bo‘lishi kabilar keltirilgan. Bunday talablar “g‘olib xaridor oldindan aniq”, degan shubhalar paydo qilgan.
Dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Coca-Cola’ning davlat ulushini sotib olish uchun 3 ta taklif tushganini, 70 million dollar berishga tayyor kompaniya bilan muzokara boshlanishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyi boshlarida Turkiyaning Coca-Cola İçecek kompaniyasi Coca-Cola’dagi davlat ulushini xarid qilish uchun ariza bergani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu kompaniya O‘zbekistonda 2020-yilda eng ko‘p foyda ko‘rgan korxonalar o‘nligidan o‘rin olgandi.