Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani IIBda talonchilikda gumonlangan yosh yigit tomirini kesgani haqida xabarlar tarqaldi, deb yozmoqda “Xabar.uz”. Aytilishicha, yigit ichki ishlar bo‘limi xodimlarining xatti-harakatlariga norozilik sifatida shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgan. Oilaning yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan gumondor ilgari ham bahsli ayblov bilan bir necha oy “o‘tirgan”.
Farg‘ona viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, dastlabki ma’lumotga ko‘ra, sodir etilgan talonchilik jinoyati bo‘yicha ushlangan M.I. 2-iyun kuni tergov harakatlari o‘tkazish uchun tuman IIBga olib kelinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga olib ketilayotganida qo‘l bilak sohasini kesib, o‘ziga jarohat yetkazgan.
Hozirda holat yuzasidan Qo‘shtepa tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyining boshlarida Farg‘onada niqob taqmagan 20 yoshli yigitning o‘ligi IIBdan chiqqani haqida mish-mish tarqalgandi. Aslida esa u akasini ko‘rgani ketayotganida vafot etgan bo‘lib chiqqandi.