Bolalar adabiyoti mutlaqo bo‘lak olam. Unda kattalarning diqqinafas, ko‘ngilni parchalaydigan, tor-tanqis kulbasi emas, umuman, boshqa dunyosi hukmron bo‘ladi. Bu go‘shani bezab-yasatib quvonchga to‘ldiradiganlarni kashshof desa arzigulik. Niderland bolalarining qalbi, shuuri, xayolotiga bir chimdim laxchani – adabiyotga muhabbatni tashlagan, “Dunyodagi eng aqlli buvijon” deya alqangan, oddiy kutubxonachidan yozuvchiga aylangan Anni (Anna) Mariya Gertruda Shmidt ham haqiqiy ixtirochi – bolalar ko‘ngli tarjimonidir.
Uy ishlarida no‘nog‘-u, mutolaada chaqqon
1911-yili Niderlandiyaning Kapelle shaharchasida ruhoniy oilasida tug‘ilgan Anni kamolotida otasining xizmatlari beqiyos. Isloh etilgan cherkov xodimi bo‘lishiga qaramay, otasi bolalarini Gyote she’riyati jozibasi, Artur Konan Doyl nasri topqirligi bilan ulg‘aytirgan. Adabiyot, she’r-u romanlarga zo‘r muhabbat uyg‘ota bilgan ota zimmasidagi vazifani to‘la-to‘kis bajargan deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Xudo yuqtirgani rostmi yoki taqdiri ilohiy go‘daklikdanoq yo‘lga soldimi, hartugul, Hans Kristian Andersen ertaklari ta’sirida o‘sgan qizaloq bora-bora indamas, ichimdan top bo‘lib ulg‘ayadi. Inson qadri, tuyg‘ular nega siyqalashayotgani, odamlar dard-hasrati, iztirobi jamiyatdagi notenglik va zo‘ravonlik qizginaning kun-u tun o‘ylaydigan mavzulari qatoridan joy olar, biriga javob topilsa, oldiga yana ikkitasi qo‘shilardi.
Bolalik o‘smirlikkacha faqat kitoblar davrasida, mutolaa zavqi bilan o‘taveradi-yu, bundan negadir ota-ona xavotirlanadi. “Ertaga egasi chiqib, to‘y-tomosha bilan olib ketsa-yu, uy ishlariga no‘noqligi, ro‘zg‘orni eplolmasligi bilinib qolsa... nima bo‘ladi?”. Besaranjom onaning, keyinchalik otaning ham xayolidan shu “qo‘rquv” nari ketmaydi. Oxiri, o‘ylab-o‘ylab kitobxo‘r qizginani Germaniyaga, ro‘zg‘or tutishda, uyini guldek yashnatib o‘tirishda epchil xolaning oldiga yuborishga qaror beriladi. Xolaning chaqqonligidan yuqdimi, yuqmadimi, bunisi qorong‘i, lekin Olmoniyadan qadrdon uyga yuborilgan ajib-ajib maktublarda Annining kelajakda yozuvchi bo‘lishi mumkinligi sezilib qolardi. Xatlarining ravonligi, so‘zlarini badiiyatga o‘rab, qofiyador qilib bitishi, ehtimol, taxminni tasdiqlagandir. Tikish-bichish, pishir-kuydir, tozala-qirtishla, hech tugamas uy ishlaridan andak nafas rostlaganda mutolaaga sho‘ng‘iydigan qizaloq endi katta-katta romanlar, epopeya, tom-tom kitoblar xatmiga chog‘lanadi.
Kutubxonachidan yozuvchi chiqqanda...
Hokimiyatga mahkam o‘rnashib olgan natsistlarning beayov qirg‘ini, yaqinlashayotgan urush va qon hidi Annini “zudlik bilan”, “sira kechiktirmay” uyga ketishga shoshiltiradi. Kelajak qorong‘i, erta mavhum bo‘lgan kunlar boshlangan, tobora avj olayotgan jahon urushidan kimlar omon chiqishi noma’lum haftalarda ota-ona Annini endi tinchgina kasb – kutubxonachilik kursiga yozdirib, andak taskin topadilar. Avvaliga nuqul javon changini artish, kitoblarni ro‘yxatga olish, qiroatchilarni kutib-kuzatish, allaqanday semiz daftarlarni to‘ldirish qizginaning zardasini qaynatib, hafsalasini o‘ldiradi. Ammo vaqt o‘tib, zerikarli, yakrang kunlar o‘rnini serzavq yillar egallaydi. Yangi ishiga mukkasidan ketib, shunchalik mehr qo‘yganidan, durustgina, shahardagi kattagina kutubxonaga direktor bo‘lganini ham sezmaydi. Kutubxonachilik uni zimdan yozuvchilikka tayyorlayotganini-ku, mutlaqo fahmlamasdi.
Avvaliga yozish, hikoya, qissalar to‘qish Anniga zabt etilmas qoyadek tuyuladi. Har gal yozuv stoliga o‘tirganida yozolmaslik “kasal”i qo‘zg‘ar, varaq beti qora-qura bo‘yalib, siyoh dog‘iga to‘lib ketaverardi. Tez orada natsistlar Niderlandiyani ham egallab, mamlakatda ziyoliman deganning, fikr-gapi borini ayamay qirishga tushib ketadi. Kattalar uchun hech nima yozolmasligi, ularning o‘ta biqiq dunyosini tasvirlolmasligini payqagan Anni o‘sha yillari yerto‘lalarda chop etilib, maxfiy tarqatiladigan bolalar gazetalariga she’rlar yoza boshlaydi. Ma’rifat urushdan muhim. Jang-u qirg‘in bir kun tugar-bitar, lekin bolalar “yo‘qotilgan avlod” bo‘lib qolmasligi shart. Urush yillari hollandlarga shu ulug‘ niyat taskin berardi.
Necha-necha million jismni mahv etgan, ko‘zyoshlarni quritgan urush ham tugadi. Endi jiddiy ishlash, nasrda o‘zni sinash fursati yetdi. 1950-yili ilk she’riy kitob “Hushtakli choynak” nashr etilgach, nazmdan xiyla chekinib, nasrga – ertaklar yozishga o‘tiladi. Sal o‘tmay “Yip va Yanekke” nomli ertaklar to‘plami yozib tugatiladi. Qator tillarga o‘girilib, o‘sha yillariyoq mashhurlikka erishgan kitob niderland bolalar adabiyotining Oltin fondiga kiritiladi. Annining nomi endi gazetalarda tez-tez tilga olinar, radiolarda ertaklari o‘qilar, davra suhbatlarida uning so‘ziga mushtoq, yangi yoki yozilajak asarlarini birinchilardan bo‘lib bilishni xohlaydigan muxlislari ko‘payaverdi. Hali oldinda bundan yuksak e’tirof-u unvonlar kutayotgani, butun dunyo bolalariga xayol qilish baxtini ulashishi mumkinligini esa adiba o‘shanda tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi.
Bolalar adabiyotida inqilob
Taqdirning yana bir in’omini qarangki, yozganlari holland bolalar adabiyotida inqilob yasadi. Avvalgi shakl-qoliplar – an’anaviy roviylik, zarbulmasalchilik, mistik ertaklar o‘rnini real hayot manzaralari zabt etdi. Adabiyotni mazmunan va shaklan o‘zgartirishga jiddiy ahd qilganmidi yo uslubi shunday shakllanayotganmidi, har holda Annining ertak-qissalari shuncha yillik kitoblarga qarshi ko‘tarilgan isyondek bong urar, asriy andazalardan chekinayotgani esa ikki karra hayratni oshirardi. Qanday qilib ajdodlarning ming yillik yo‘lidan yurmay, o‘z yo‘lingdan yurish mumkin? Bu odobsizlik yoki nodonlik emasmikan? Anni ijodi haqida gohi shunday fikrlar ham uchrab turardi. Vaqti kelib, Niderland davlat mukofotini olarkan, Anni zaldagilarga qarata: “Faqat haqiqat, misqoldek ham yolg‘on ortiqcha” deya nega va kim uchun qo‘liga qalam olganini bir jumlada ifodalaydi. Chindanam, eng fantastik janrda yozilgan kitobida ham haqiqat, adolat va haqqoniylik bor bo‘yi bilan silqib turadi.
Kitoblar peshma-pesh o‘qilgani sari Annining shiddat-shijoati ham oshib borar, endi satrlar orasiga folklor motivlari, yumor, fantastikani realizm unsurlari bilan qorishtirish gali ham yetgandi. Endi adiba ijodini sira xijolat bo‘lmay, tashvish ham tortmay Andersen, Lindgren, Tuve Yanson ijodi bilan solishtirish, taqqoslab baholash mumkin bo‘ldi. Urush ko‘rgani, mashaqqatlarda toblanganiga qaramay ertak-cho‘pchaklarida favqulodda yumor, ko‘tarinki kayfiyat hukmron, misoli quyosh charaqlayotgandek nur o‘ynoqlardi. Qo‘shimchasiga, “dag‘al, sertikan so‘zlari”ni aytolmasa turolmaydigandek: “Ulkan muzqaymoq qirol savlat-u haybatini bejab qo‘yadi”, derdi tap tortmay.
“Irkit o‘rdakcha edim, endi qari, irkit oqqushman”
Anniga dovur o‘tgan bolalar adiblari negadir zerikarli, rangsiz, andaza-shakli bir kitoblar yozishar, bolalar ham buni majburlik yo sinf jadvalidan ortda qolmaslik ilinjida apir-shapir o‘qir, lekin hech vaqoni tushunmay, ko‘chada shataloq otishardi. Takrorlanmas sarguzasht va safarlarni tasvirlab, adabiyotga aqlli, quvligi bo‘rtib turgan kitoblarni berish fikri kundan kun pishib-to‘lishib boraveradi. Ertaklarda endi gazli suv, rang-barang tuxum qo‘yadigan tovuq, skripkaga o‘ynaydigan ot va hokazo obrazlari “gapira” boshladi.
Bir gal unga noshirlar juda manfaatli, cho‘g‘i baland buyurtmani topshirishadi. “Bolalarga shunday to‘plam holidagi kitob yozingki, unda na to‘qima obrazlar va unda biror cho‘pchak, rivoyat, almoyi-aljoyi gaplar bo‘lsin! Faqat “toza realizm!” bo‘lsin deya qat’iy shartni qo‘yishadi. Mayli, deydi-yu, ko‘ngli xijil tortib, yozishga urinadi. Ming urinmasin, qani yozolsa! Hech vaqosi o‘xshamaydi. Yirik buyurtma sira ikkilanmay rad etiladi. Shundan keyin vafotigacha hukumat amaldorlari talabini tushunolmay o‘tganini tez-tez tilga oladi: “Nega bolalarni maktablarda bu qadar zeriktirib, kitobdan bezdirib o‘qitish kerak? Kimga qanday foyda?”.
Shmidt xonim bolalarga ishonar, ularni o‘ziga tengdosh-tengqur hisoblab, har gal shumtakalarning tarafini olar, qalbi ham boladek beg‘ubor, navqiron edi. Tug‘ilib-o‘sgan yurtida hurmatini juda joyiga qo‘yishdi, e’zozlab ardoqlashdi. Bunga ham qanoat qilmay: “Bolalar adabiyoti malikasi” deb alqashdi. Asarlarida yumor bilan haqqoniyat qorishib-bitishib ketganiga, “Zakiy buvijon” degan nom ham nasib etdi.
1988-yili Norvegiya poytaxti Osloda H.K.Andersen nomidagi Oltin medal mukofoti topshirilarkan, an’anaga muvofiq adiba avvaldan tayyorlagan nutqini o‘qishi so‘raladi. Shu chog‘gacha mukofotlanganlardan farqli, Anni bu gal ham o‘z yo‘lini tutadi. Yuz yillar avval vafot etgan Andersenga xayolan murojaat qilib:
“Qadrli Hans Kristian, mana, mukofotingni oldim! Aytishim kerakki, baxtliman. Juda uzoq yillar irkit o‘rdakcha edim, endi esa qari irkit oqqushman. Ammo har holda oqqush! Hamisha hamrohing, Anni”deya nutqining o‘ziga tegishli qismini tamomlaydi. So‘ng Andersenning xayoliy javobini o‘qib eshittiradi:
“Qadrdonim Anni, mukofotimni olganing bilan qutlayman! O‘tinaman, faqat pyesalar yozma. Men ham urinib ko‘rganman, lekin o‘xshamagan. Shuning uchun o‘zingning ahmoqona, telba-teskari ertaklaringni yozaver, xuddi kaminadek... Ko‘rishguncha! Do‘sting H.K. Andersen”.She’r-u ertaklardan tashqari ora-orada ashulalar, teatr va kabarelar uchun yallalar, radio, televizion shoularga ssenariylar yozar, yumor nimaligi xususida yozuvchi Simon Karmiggetga qo‘shilib, ma’ruzalar o‘qir, turfa holland bosma nashrlarida doimiy ruknlari mavjud edi.
1960-yillari oilasi bilan Fransiya janubiga ko‘chib ketgan adiba ona yurtiga turmush o‘rtog‘i, kimyogar va tadbirkor Dik van Duyn vafotidan keyin 1981-yili qaytib keladi. Yolg‘iz o‘g‘li Flip van Duyn bilan shumshayib qoladi. Shuncha yillar bir yostiqqa bosh qo‘ygan hamrohining o‘limi yozuvchini biroz tushkunlikka soladi. Lekin ko‘zmunchoq bolalarning undan har doim yangi-yangi asarlar, quvnoq she’rlarni kutishi ayriliq taftini pasaytirib, uni yana yozishga, yashashga undaydi, kuch beradi. Kitoblari qog‘ozlardan ekranlarga ko‘chadi. Eng mashhur qissasi “Mushuklar malikasi Minush” film qilinib, olamshumul shuhratga erishadi, mukofotlar nasib etadi. 1957-yildagi reytingda “Viplala” asari “Yil kitobi” deb e’lon qilinib, keyingi yillari Konstanteyn Hyoygens va davlat mukofotlari nasib etadi.
Minush – vijdon qo‘riqchisi
Shu vaqtgacha o‘zbek bolalari Anni xonimning sara asarlari, kulgiga boy, lekin o‘ta pishiq, real hayot manzaralari manaman deb turgan ertak-qissalaridan bebahra qolayotgandi. O‘tgan yili niderland tilidan o‘zbekchaga o‘girilgan, surat-u illyustratsiyalar bilan boyitilgan, “Akademnashr” nashriyoti chop etgan “Mushuklar malikasi Minush” endi ko‘zchalarni quvnatishi aniq. Adibaga kutganidan-da ziyoda shuhrat, mukofot, e’tirof keltirgan, filmlarga ko‘chgan qissada nohaqlikka chidolmaydigan, azob-iztirobdan qiynaladigan bolalarning kattalar dunyosiga isyoni, adolat uchun kurashi tasvirlangan. Jonivorlar va insonlar azal-u abad do‘st-inoq bo‘lib yashashi, jamiyatda hamma teng, hatto, zabonsiz jonivorning ham qadri borligi yorqin, ortiqcha bezaksiz tasvirlangan voqealar avvalida turadi. Odamga aylangan Minush mushuk esa go‘yo insonning g‘aflatda yotgan vijdonini uyg‘otishga yuborilgan farishtadek. Bir nafas va hayajonda o‘qiladigan kitob sabab Minushga o‘xshayman degan qizaloqlar, Tibbedek jasur bo‘lgisi kelgan bolajonlar adibaga tinimsiz minnatdorlik xatlari, tabriklar jo‘natib turishgan. Hatto, ulg‘ayib, oq-qorani taniganida ham Anni xonimga “Bolaligimizni bezab, dunyo tartiblarini tushuntirganingiz uchun tashakkur!” qabilidagi maktublar kelishi sira tinmagan.
Anni Shmidtdan boshi-oxiri yo‘q xazina – millat bolalariga atalgan kitoblar qoldi. O‘qiganning bolaligini bezab, ulg‘ayganidan keyin ham entiktiradigan, yuragini hapqirtirib, ko‘zidagi cho‘g‘ni alangalatadigan asarlar muallifi 1995-yili – roppa-rosa 84 yosh-u bir kunni to‘ldirganida evtanaziya yo‘li bilan jon beradi.
Charos Nizomiddinova tayyorladi
Izoh (0)