Angliya Premyer Ligasi klublari 2020/21-yilgi mavsum Yevrokuboklardagi muvaffaqiyatli ishtiroki uchun UEFA koeffitsiyent reytingida birinchi o‘ringa ko‘tariladi, deya xabar qilmoqda ESPN nashri.
Shu tariqa APL La Ligani ortda qoldirgan holda 9 yil degandan ilk bor birinchi o‘ringa ko‘tariladi.
APL 2007/08-yilgi mavsumdan 2011/12-yilgi mavsumgacha UEFA reytingida birinchi bo‘lgan. Ingliz klublari so‘nggi besh mavsumning uchtasida ispan jamoalaridan yaxshiroq natija qayd etgan va bu ularga La Liga vakillarini quvib o‘tish imkoniyatini berdi.
Bundan tashqari APL bir mavsum davomida to‘plangan koeffitsiyent bo‘yicha La Liga rekordini yangilaydi. Sababi APLning uchta klubi Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi finaliga qadar yetib bordi.
2015/16-yilgi mavsumda “Real” Chempionlar Ligasida, “Sevilya” esa Yevropa Ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi. O‘sha mavsumda Ispaniya 23,928 reyting balli to‘plagan. Ingliz klublari joriy mavsum ushbu ko‘rsatkichni qayd etib bo‘ldi. Yevrokubok finallaridan keyin rekord yangilanadi.
Eslatib o‘tamiz, YChL finalida “Manchester Siti” va “Chelsi” o‘zaro bahs yuritadi. Yevropa Ligasi finalida esa “Manchester Yunayted” “Vilyarreal” bilan o‘ynaydi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)