AQSh Havo kuchlarining global zarba qo‘mondonligi Minuteman III qit’alararo ballistik raketaning sinovi muvaffaqiyatsiz o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda harbiy tuzilma Twitter’iga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Minuteman III raketasi

Foto: Getty Images

Xabarga ko‘ra, mashg‘ulotlar doirasida jangovar kallaksiz raketani Kaliforniyadagi Vandenberg bazasidan uchirish rejalashtirilgan edi. Ishga tushirgich bilan bog‘liq muammolar tufayli sinovlar muvaffaqiyatsiz tugagan.

Harbiylar buning sabablarшni tekshirmoqda. Shu bilan birga, global zarba qo‘mondonligi mashg‘ulotni boshqa sanaga qoldirishga ruxsat berdi.

Pentagon o‘z navbatida, mashg‘ulotlarning vazifasi tizim samaradorligini sinab ko‘rish ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 1970-yilda yaratilgan Minuteman III faqat shaxtadan ishga tushiriladi. 40 yil davomida u bir necha bor modernizatsiya qilindi. Shu bilan birga, vaqti-vaqti bilan Pentagon raketa uchirilishi muvaffaqiyatsiz tugagani haqida xabar berib turdi.

Aprel oyi oxirida AQSh Mudofaa vazirligi strategik qo‘mondonligi rahbari admiral Charlz Richard eskirgan Minuteman III bilan qurollangan mamlakat uchun Rossiya va Xitoyga qarshilik ko‘rsatish qiyinligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalarni doimiy modernezatsiya qilish mumkin emas va 1970-yilgi qurollarni “2030-yil darajasidagi tahdidlarga qarshi” ishlatish samarasiz. Bundan tashqari, ayrim tarkibiy qismlar shu qadar eskirganki, zarurat tug‘ilganda, mamlakatda ularni ishlab chiqaradigan bironta ham korxona qolmagan.

Avvalroq AQSh harbiy havo kuchlarining AGM-183A ARRW gipertovushli raketasi sinovlari muvaffaqiyatsiz tugagani ma’lum qilingandi. Raketa Boeing B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyotidan uchirilishi kerak edi. “Biroq raketa uchish tartibini yakunlay olmadi va samolyotda qolib ketdi. Samolyot raketa bilan Kaliforniyadagi Edvards aviabazasiga qaytib keldi”, — deyiladi AQSh harbiy havo kuchlari bayonotida.