AQSh Mudofaa vazirligi qurolli kuchlarning yaqin o‘n yilliklarda dunyoda ehtimoliy mojarolarga jangovar tayyorgarligini oshirishda o‘z maqsadlariga erisha olmadi. Bu haqda AQSh Moliyaviy nazorat boshqarmasining (GAO) bayonnomasiga tayanib, Military Times gazetasi xabar berdi, deb yozmoqda “TASS”.

Foto: Medium

Bayonnoma mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017-yildan 2019-yilgacha maxsus tarkib va harbiy-texnik jihozlar bo‘yicha qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi faqat quruqlikdagi kuchlar uchun oshirildi, dengiz kuchlarida bu yo‘nalish bo‘yicha samaradorlik tushib ketdi, shuningdek, belgilangan vazifalar aviatsiya, kosmik va kibernetik kuchlar tomonidan ham bajarilmagan. Bayonotda yozilishicha, jami 19 ta mintaqada jangovar topshiriqlarni bajarish uchun resurslarning mavjudligi va tayyorligi kabi vazifalar tugallanmagan.

“Mudofaa vazirligi beshta yo‘nalishning (quruqlik, suv, havo, koinot, kiberdunyo) har biri bo‘yicha tezkor tayyorgarlikni ta’minlashda duch keladigan muammolarning ro‘yxatini taqdim etdi. Xususan, harbiy dengiz qo‘shinlarida (HDQ) xususiy va federal kemasozlik zavodlaridagi kemalarga texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatining cheklanganligi kemalar va suvosti kemalarining jangovar tayyorgarligini tiklashdagi asosiy muammo sifatida ko‘rsatildi”, — deyiladi bayonotda.

Bayonot mualliflari, aslida, 2016-yildagi shu kabi tekshiruv natijasida berilgan tavsiyalarni takrorlab, Pentagon rahbariyatiga o‘z bo‘linmalari uchun jangovar tayyorgarlikni oshirish sohasida aniq vazifalarni belgilab olishni maslahat berdi.

Military Times gazetasining yozishicha, Mudofaa vazirligi tekshiruv bo‘limi bayonotining xulosalarini to‘liq ma’qullashini bildirdi.

Avvalroq AQSh harbiy havo kuchlarining AGM-183A ARRW gipertovushli raketasi sinovlari muvaffaqiyatsiz tugagani ma’lum qilingandi. Raketa Boeing B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyotidan uchirilishi kerak edi. “Biroq raketa uchish tartibini yakunlay olmadi va samolyotda qolib ketdi. Samolyot raketa bilan Kaliforniyadagi Edvards aviabazasiga qaytib keldi”, — deyiladi AQSh harbiy havo kuchlari bayonotida.