AQShning 45-prezidenti Donald Tramp donaldjtrump.com veb-saytini ishga tushirdi. Saytda u xabarlar yozishi, rasm va videolar joylashtirishi mumkin. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Saytning “From the Desk of Donald J. Trump” (“Donald Tramp stolidan”) bo‘limida Tramp nomidan bir nechta qisqa xabarlar chop etildi. Ulardan birinchisi 13-aprelda yozilgan, ammo platforma faqat 4-may kuni keng jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi.
Foydalanuvchilar Trampning postlarini Twitter va Facebook’da ulashishi mumkin, ammo xabarlarga javob bera olmaydi. “Bu shunchaki bir tomonlama aloqa. Tizim Trampga o‘z tarafdorlari bilan muloqot o‘rnatishga imkon beradi”, — dedi Fox News telekanaliga platformadan xabardor manba.
Mart oyi oxirida Tramp o‘z tarafdorlari bilan muloqot qilish maqsadida o‘zining “45office.com” shaxsiy saytini ishga tushirgan edi. Saytda tarafdorlar bilan ochiq-oydin yozishmalar olib borish imkoniyati mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan tashkil etilgan “Amerikani qutqarish marshi” nomli norozilik namoyishi ishtirokchilari 2021-yil 6-yanvar kuni poytaxt Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirgan.
Natijada yanvar oyining boshida Facebook va Instagram Donald Trampning akkauntini prezidentlik muddati tugaguncha blokladi. Twitter esa Trampning shaxsiy akkauntini “keyinchalik zo‘ravonlikka da’vat etishning yuqori xavfiga bog‘liqligi sabab” butunlay blokladi.
Keyinroq Trampning maslahatchisi Jeyson Miller Fox News telekanali efirida AQShning sobiq prezidenti ikki-uch oy ichida “o‘z platformasi bilan” ijtimoiy tarmoqlarga qaytishini aytdi.