22 yil davomida dunyoning eng nufuzli insonlari ro‘yxatini tuzib kelayotgan Time jurnali birinchi marta eng nufuzli kompaniyalar ro‘yxatini ham tuzdi. Bu haqda jurnal sayti ma’lum qildi.
Ushbu ro‘yxatga zamonaviy dunyoga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan kompaniyalar kiritildi. Jurnal ularni soha mutaxassislari va o‘z jurnalistlarining tavsiyalari asosida tanlab oldi, shundan so‘ng taklif qilingan kompaniyalarning har biri dolzarblik, innovatsiya, muvaffaqiyat kabi muayyan parametrlar asosida baholandi.
Time yakuniy ro‘yxatni besh qismga ajratdi — “Boshlovchilar”, “Yetakchilar”, “Innovatorlar”, “Gigantlar”, “Olg‘irlar”. Ularning har biriga 16 tadan 22 tagacha kompaniya kiritilgan.
Xususan, ro‘yxatga qo‘shiqchi Riannaning Savage X Fenty nomli ichkiyimlar brendi, sun’iy go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Beyond Meat kompaniyasi, Strava sport ilovasi (“Boshlovchilar”); Apple kompaniyasi, Maersk logistika kompaniyasi, Mattel bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchisi (“Yetakchilar”); Zoom videoqo‘ng‘iroqlar xizmati, TikTok ijtimoiy tarmog‘i, Moderna farmatsevtika kompaniyasi (“Innovatorlar”); Walmart do‘konlar tarmog‘i, Disney mediakorporatsiyasi, Coinbase kriptovalyuta birjasi (“Gigantlar”); Tesla elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi, GoFundMe kraudfanding platformasi, Robinhood birja brokeri (“Ilg‘orlar”) kiritildi.
Avvalroq Amerikaning Time jurnali 100 Next — kelajakning ta’sir doirasi eng keng shaxslari ro‘yxatini e’lon qildi. Time bu ro‘yxatni “Biznes, madaniyat, sport, siyosat, fan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarining bo‘lajak yulduzlari” deb atadi. Faollar yo‘nalishida “Manchester Yunayted” hujumchisi Markus Reshford 2021-yilgi reytingdan joy oldi.
Izoh (0)