Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Bag‘dod gubernatori Jabir al-Ata va mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Hasan at-Tamimiyni lavozimlaridan ozod etdi, deb yozadi “Kommersant”. Bunga koronavirus bilan kasallanganlar davolanayotgan shifoxonada yuz berib, 88 kishining o‘limiga olib kelgan yong‘in sabab bo‘ldi.
Al-Kozimiyning fikricha, “kasalxonadagi dahshatli yong‘inga mas’uliyatsizlik va xo‘jasizlik asosiy sabablar bo‘lgan”. Ishdan bo‘shatilganlarga nisbatan tergov olib borilmoqda. Kasalxona bosh shifokori, xavfsizlik xizmati boshlig‘i va binoning texnik ta’minoti uchun mas’ul shaxslar qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, yong‘in 24-aprel, shanba kuni kechqurun sodir bo‘lgandi. Kasalxonada yong‘indan himoya tizimi bo‘lmagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in boshlanishiga kislorod ballonining portlashi sabab bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlar bo‘yicha 88 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortig‘i jarohat oldi. Qurbonlarning kamida 28 nafari sun’iy nafas oldirish apparatlariga ulangan bemorlar bo‘lgan.
Ba’zi bemorlar yong‘indan qochish uchun derazalardan sakragan. Ikki qavatli bino deyarli to‘liq yonib bitgan.
Yong‘indan keyin ba’zi siyosatchilar, jamoat arboblari va parlament a’zolari Iroq sog‘liqni saqlash vaziri Hasan al-Tamimiyning iste’fosini talab qildi.
Iroqda uch kunlik motam e’lon qilindi.
Mavzuga doir:
- Bag‘doddagi COVID-kasalxonada yong‘in yuz berdi, 80 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Iroqda uch kunlik motam e’lon qilindi (video)
- Hindistondagi COVID-19 kasalxonasida 24 nafar odam gazdan bo‘g‘ilib halok bo‘ldi (foto va video)
- Yaponiyada yana karantin e’lon qilindi, Hindistonda COVID-kasalxona yonib ketdi, Vengriyada restoran va teatrlar faqat emlanganlar uchun ochiladi. Koronaxabarlar
Izoh (0)