Hindistonda ketma-ket ikkinchi kun davomida COVID-19 bilan kunlik kasallanish soni bo‘yicha dunyo rekordi qayd etildi. Bu haqda Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

So‘nggi bir kecha-kunduzda mamlakatda 332,73 ming yangi infeksiyalanish holati aniqlandi. Bir kun oldin, 22-aprel kuni, Hindiston bir sutkada koronavirus yuqtirganlarning ko‘pligi bo‘yicha dunyo rekordini yangilagan edi — 314,8 ming. Bungacha ushbu rekord AQSh tomonidan yanvar oyida o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda kasallanganlarning kunlik o‘sishi 297,4 ming kishiga yetgan edi.

O‘tgan kun davomida Hindiston COVID-19’dan kunlik o‘limlarning ko‘pligi bo‘yicha ham rekord o‘rnatdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda infeksiya oqibatida 2263 kishi vafot etgan. Kasallik qurbonlarining umumiy soni 186,92 ming kishiga yetgan.

Pandemiya davrida Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 16 milliondan oshdi, shulardan 13,6 millioni sog‘aydi.

Sky News xabariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda hukumat mahalliy saylovlar oldidan bir qator ommaviy mitinglarni o‘tkazgan va Ganga daryosi bo‘yidagi muqaddas Xardvar shahrida Kumbxa Mela festivalini o‘tkazishga ruxsat bergan. Festival davomida ziyoratchilar daryo bo‘yida ruh va tanani poklashni anglatuvchi ommaviy hammom tashkil qiladi.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston COVID-19 yuqtirganlar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda — 16,2 million kishi. AQSh esa 31,9 million kishi bilan yetakchilik qilmoqda. O‘lim darajasi bo‘yicha Hindiston to‘rtinchi o‘rinda — 186,92 ming kishi. Kasallik oqibatida eng ko‘p o‘lim qayd etilgan uch yetakchi davlatlar: AQSh —570 321 kishi, Braziliya — 383 502 va Meksika —214 079 kishi.