O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020-yilda sodir etilgan korrupsion jinoyatlar statistikasini e’lon qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, sudlar tomonidan 2020-yil davomida jami 2270 nafar shaxsga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq 1502 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Korrupsion jinoyatlarning sodir etilishiga asosan moddiy manfaatdorlik (30 foiz), byurokratik to‘siqlarning mavjudligi (28 foiz) va ijtimoiy ta’minlanmaganlik yoki adolatli mehnat sharoiti yo‘qligi (12 foiz) sabab bo‘lgan.

Infografika: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan omillar:

  • davlat xaridlari bilan bog‘liq qonun talablariga rioya qilinmaganligi — 45 nafar shaxs;
  • huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi profilaktika ishlari samarali tarzda olib borilmagani — 45 nafar shaxs;
  • davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibining mavjud emasligi — 50 nafar shaxs;
  • ayblanuvchining sohaga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarga biriktirilgani (sohasiga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarda sodir etilgani) — 55 nafar shaxs;
  • shaxsning (jabrlanuvchi) o‘z manfaati yo‘lida qonunni chetlab o‘tishga urinishi yoki boshqa tarzdagi manfaatdorligi sababli jinoyatga yo‘l ochib bergani — 88 nafar shaxs;
  • ish hajmining to‘g‘ri taqsimlanmagani va malakali xizmat ko‘rsatilmasligi — 99 nafar shaxs;
  • davlat organlari xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ygani — 122 nafar shaxs;
  • ishga qabul qilishda mansabdorning (xodimning) shaxsi lozim darajada o‘rganilmagani, ayblanuvchining malaka darajasi yetishmasligi (muqaddam jinoyat sodir etganligi yoki sodir etishga moyilligi) — 179 nafar shaxs;
  • ayblanuvchining ijtimoiy ta’minlanmagani yoki adolatli mehnat sharoiti tashkil etilmagani — 262 nafar shaxs;
  • tizimda ish faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, sohada byurokratik to‘siqlarning mavjudligi (faoliyatning o‘zi korrupsiyaga yo‘l ochib bergani) — 598 nafar shaxs;
  • fuqarolarning moddiy manfaatdorlik yoki shaxsiy boylik orttirish yo‘lida jinoyatga qo‘l urishi kabi omillar korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratgan — 642 nafar shaxs.

67 nafar shaxsga nisbatan 45 ta jinoyat ishi tugatilgan. 2203 nafar shaxsga nisbatan 1457 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan. Jumladan, 80 nafar shaxsga nisbatan 59 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi, 2123 nafar shaxsga nisbatan 1398 ta ish bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan.

Jinoyat ishlari asosan pora berish (1056 nafar shaxs), mansab soxtakorligi (825 nafar shaxs), hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (184 nafar shaxs) va pora olish (133 nafar shaxs) moddalari bo‘yicha ochilgan.

Infografika: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar asosan ishsizlar (23 foiz), ta’lim (17 foiz), tibbiyot (7 foiz), bank (5 foiz), qurilish (3 foiz), ichki ishlar (3 foiz) tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan.

Infografika: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Avvalroq O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil ichida korrupsion jinoyatlar oqibatida jami 371 milliard so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga sud va prokuratura qarorlaridan norozi aholi ko‘proq murojaat qilayotgani, mamlakatda korrupsion jinoyatlar asosan kim tomonidan sodir etilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.