Kelgusi yillardagi global harorat Yerda 35 million yil oldin qayd etilgan darajaga yetadi. Bu haqda Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshidagi Atmosfera fizikasi institutining katta ilmiy xodimi Aleksandr Chernokulskiy ma’lum qildi, deb yozmoqda Tengrinews.

Foto: “Pixabay.com”

Chernokulskiy ssenariylardan birida global harorat qanday ko‘tarilishi mumkinligini aytib berdi.

“Hozircha biz qo‘llayotgan ‘odatiy biznes’ ssenariysida (issiqxona gazlarining antropogen chiqindilari kamaymaydi) harorat Yerni taxminan 35 million yil ortga qaytaradi”, — dedi Chernokulskiy “Ekochashka” ekologik filmlar festivalida so‘zlagan nutqida.

Global harorat iqlim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi, lekin u Yer sayyorasida yana ulkan korkidonlar paydo bo‘lishini anglatmaydi, deb izoh berdi olim.

“Butun tizim boshqacha edi. O‘simliklar, qit’alarning joylashuvi butunlay boshqacha bo‘lgan. U paytda muz miqdori unchalik ko‘p emas edi, okean sathi, atmosferaning kimyoviy tarkibi ham boshqacha edi”, — deb qo‘shimcha qildi Chernokulskiy.

Avvalroq Xalqaro meteorologiya tashkiloti (XMT) 2020-yil eng issiq yillardan biri bo‘lganini ma’lum qildi. O‘rtacha global harorat 14,9 gradusni tashkil etdi, bu XIX asr oxiridagidan 1,2 gradusga ko‘proq.

2015-yildan buyon har bir yil tarixdagi eng issiqlari bo‘lib kelmoqda, 2011—2020-yillar esa eng issiq o‘n yillik deb tan olindi.

Avvalroq iqlim o‘zgarishi oqibatida qishloq xo‘jaligining umumiy milliy mahsuldorligi 1960-yillardan buyon 21 foizga pasaygani ma’lum bo‘ldi. Bunday pasayish so‘nggi yetti yil ichidagi mahsuldorlikning o‘sishini yo‘qotish bilan tengdir, deya ta’kidlaydi olimlar.