Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yashovchi ota farzandi uchun 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lanishi kerak bo‘lgan aliment pulini avvaldan to‘lab berdi. Bu haqda “Daryo”ga MIB viloyat boshqarmasi ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor G.A.dan undiruvchi M.D. foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Qarzdor ota oxirgi vaqtlarda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan.

Byuro xodimlari tomonidan G.A. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, o‘z vaqtida aliment to‘lamaslikning huquqiy oqibatlari tushuntirilgan. Shundan so‘ng u alimentni oldindan to‘liq to‘lab berishini ma’lum qilgan.

Byuroning davlat ijrochisi tomonidan hisoblab berilgan 99 million 908 ming so‘m aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘i to‘liq olgandan so‘ng hujjatlar rasmiylashtirilib, ijro hujjati tamomlangan.