Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi ota ikki nafar farzandiga to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment o‘rniga turmush o‘rtog‘iga uy olib berdi. Bu haqda “Daryo”ga MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining 2021-yil 19-martdagi qarori bilan qarzdor A.T.dan undiruvchi X.T. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun daromadining uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish lozimligi belgilangan.

MIBning Qo‘qon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan mazkur ijro hujjati yuzasidan fuqaro bilan huquqiy tushuntirish ishlari olib borilgan. Natijada A.T. sobiq turmush o‘rtog‘i X.T. bilan kelishgan holda ikki nafar farzandi voyaga yetguniga qadar to‘lanadigan aliment pullarini oldindan to‘liq to‘lab berishini ma’lum qilgan.

Taraflar o‘rtasida notarial tartibda kelishuv bitimi rasmiylashtirilib, 75 million so‘m aliment to‘lovi o‘rniga Qo‘qon shahridan ikki xonali uy olib berilishi belgilangan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi tomonidan mazkur kelishuv bitimi tasdiqlangan va X.T.ga aliment hisobidan ikki xonali uy undirib berilgan. Undiruvchi arizasi bilan ushbu ijro hujjatining ish yurituvi tamomlangan.