Myanmada sodir bo‘lgan harbiy to‘ntarish va yangi hukumatga qarshi norozilik namoyishlari fonida so‘nggi ikki oy ichida kamida 43 nafar bola harbiylar tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda “Bolalarni qutqaramiz” xalqaro tashkiloti ma’lumotiga asoslanib, Meduza xabar berdi.

Foto: Reuters

Xabarga ko‘ra, o‘ldirilganlarning 15 nafarini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Xususan, 14 yoshli bir bola o‘z uyi yonida o‘qqa tutilgan, 13 yoshli bola esa harbiy xizmatchidan qochishga uringan paytda o‘ldirilgan. Qurbonlarning eng kichigi olti yashar qizcha bo‘lgan.

Myanmadagi to‘ntarishdan keyin yaralangan bolalar soni noma’lum. Ammo ular “anchagina” bo‘lsa kerak, deyiladi “Bolalarni qutqaramiz” tashkilotida. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, yaradorlar orasida ko‘ziga rezina o‘q uzilgan bir yashar bola ham bor.

“Bolalarni himoya qilish bo‘yicha bir nechta da’vatlarga qaramay, bolalar ushbu qonli hujumlarning qurbonlari bo‘lib qolayotganidan qattiq qayg‘udamiz. Eng dahshatlisi, bu bolalarning bir nechtasi o‘z uyida — aslida ular xavfsiz bo‘lishi kerak bo‘lgan joyda o‘ldirilgan”, — deydi tashkilot.

“Myanmadagi siyosiy mahbuslarga yordam uyushmasi”ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatda 543 kishi o‘ldirilgan. Norozilik namoyishlari chog‘ida bir kunda 100 dan ortiq odam o‘ldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-fevral kuni Myanma harbiylari davlat to‘ntarishini amalga oshirgan, hukumatning amaldagi rahbarlari hibsga olingan edi. Harbiylar Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini 11 kilogramm oltin va 600 ming dollar pulni pora sifatida olganlikda ayblamoqda. Davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatning yirik shaharlarida norozilik namoyishlari boshlangan.

Myanma aholisi 6-fevral kuni Yangon ko‘chalariga chiqib, harbiylar tomonidan hokimiyat egallab olinishiga qarshi chiqqan. Odamlar harbiylarga qarshi ekanini bildirmoqda, shuningdek, ular hibsga olingan yuqori martabali amaldorlarni, jumladan, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va prezident Vin Myinni ozod etishni talab qilmoqda.

Mart oyining boshida ham Myanmadagi politsiya hamda ko‘chalarda namoyish o‘tkazayotgan fuqarolar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda huquq-tartibot idoralari xodimlarining o‘qotar quroldan foydalanishi oqibatida 38 kishining halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Mart oyining oxirida Myanmada hukumatni boshqarayotgan harbiylar mamlakatda saylovlar qaytadan o‘tkazilganidan keyin boshqaruvni yangi saylangan vakillarga topshirishni va’da qildi.