Qashqadaryo viloyatida 360 nafar qarzdor fuqaro va qarzdor fuqarolarga tegishli bo‘lgan 324 ta avtomobilga qidiruv e’lon qilindi. Bu haqda “Daryo”ga MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Gulnoza Dilmurodova xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, qidiruvga berilgan shaxslardan 99 nafari topilgan bo‘lib, ularning 96 nafari aliment to‘lamaslik uchun qochib yurgan.
Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘basi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qidiruvdagilarning 99 nafari (9 tasi boshqa viloyatlardan) topilgan. Ulardan 96 nafari alimentdan qarzdorligi mavjud ekani aniqlangan.
Davlat ijrochilari tomonidan ushbu fuqarolarning 22 nafariga ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilib, qamoq jazosi qo‘llanilgan bo‘lsa, 74 nafaridan qarzdorligi uchun 153,5 million so‘m miqdorida qarzdorlik undirilgan.
“Shuningdek, qarzdor fuqarolarga tegishli bo‘lgan 324 ta avtotransport vositasi qidiruvga berilib, ulardan 119 tasi topilgan hamda 250 million so‘m jarima undirilgan”, — deydi Gulnoza Dilmurodova.
Izoh (0)