Shimoliy Koreya tez orada 3000 tonnalik yangi yadroviy suvosti kemasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya va AQShning razvedka xizmatlari ma’lumotlariga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
“Janubiy Koreya va AQShning razvedka organlari ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2019-yilning iyul oyida taqdim etilgan 3000 tonnalik suvosti kemasining qurilishini yakunladi”, — deb xabar berilgan agentlik manbasida.
Agentlikning ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya hukumati suvosti kemasini yuqori samara bilan taqdim etish, shu jumladan, AQShga bosim o‘tkazish uchun qulay vaqtni kutyapti.
Suvosti kemasi Pukguksong-3 kabi uchta suvosti ballistik raketalarini olib yurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Amerikaning 38 North portali Shimoliy Koreyadagi Simpxo Shimoliy kemasozlik hududida qayta joylashtirish harakatlari kuzatilganini ma’lum qildi. Bu harakatlar yaqin orada Shimoliy Koreyaning yangi suvosti kemasi qurilishi tugallanib, foydalanishga topshirilishi mumkinligidan darak beradi, deb yozdi portal.
2021-yilning yanvar oyida Pxenyanda Koreya Mehnat partiyasining VIII qurultoyi yakuniga yetishi munosabati bilan harbiy parad bo‘lib o‘tdi, unda suvosti kemalarining ballistik raketalari namoyish etildi. Koreyaning Markaziy telegraf agentligi raketalarni “dunyoning eng mukammal qurollari” deb atadi. Shimoliy Koreyadagi OAVlar nashr etgan suratlarga tayanib, Reuters’ning yozishicha, gap 2020-yilning oktabr oyida namoyish etilgan Pukguksong-4’ning takomillashgan versiyasi — Pukguksong-5 haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, AQSh mutaxassislari Shimoliy Koreyaning Yonbyon hududidagi yadroviy obyektlarda faollikni ro‘yxatga oldi va mamlakat plutoniyni qayta ishlash yoki shunga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qildi. AQSh hukumati Pxenyanning bu harakatlarini Seul va Vashington bilan qarama-qarshilikni kuchaytirish uchun o‘ylagan strategiyasining bir qismi, deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, 25-mart kuni Shimoliy Koreya ikkita taktik raketaning muvaffaqiyatli sinovlari haqida ma’lum qilgan. Koreyalik harbiylar xabariga ko‘ra, ikkala raketa ham KXDR sharqiy qirg‘oqlaridan 60 kilometr masofada joylashgan nishonga muvaffaqiyatli borib teggan.
Bundan tashqari, KXDR Yapon dengiziga qarata ikkita ballistik raketani uchirdi. Raketa sinovlari haqida Yaponiya Mudofaa vazirligi va Janubiy Koreya harbiylari ma’lum qilgan. Bungacha esa AQSh harbiylari Pxenyan tez orada ballistik raketalar uchirishni qayta boshlashi haqida ogohlantirgan edi.
Keyinroq Shimoliy Koreya tomonidan ballistik raketalarning uchirilishi AQSh va Yaponiyaning doimiy tahdidlari oldida o‘zini himoya qilish bo‘lgani haqida aytildi.
“Yaqinda amalga oshirilgan yangi boshqariluvchi taktik raketalarning sinovdan o‘tkazilishi suveren davlatning o‘zini o‘zi himoya qilish bo‘yicha umumbashariy huquqidan foydalanishga teng harakat bo‘ldi”, — dedi qo‘mita kotibi.
Izoh (0)