O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon 14-aprel kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbir kun tartibidan ikki tomonlama amaliy sheriklik va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Asosiy e’tibor Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, ikki mamlakatning yetakchi korxona va kompaniyalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish, aviaqatnovlarni tiklash, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishga qaratiladi.
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqadilar.
Sammit yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va ta’lim sohalariga oid qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Qirolicha Yelizaveta II nomiga shahzoda Filipp vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘llagani hamda Shavkat Mirziyoyevning Rossiya va Janubiy Koreyaga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)