Pekinda do‘kon, kafe va boshqa muassasalar binolarida turli rangdagi stikerlar paydo bo‘ldi. Ular mijozlarga koronavirusga qarshi emlangan xodimlar ulushini ko‘rsatadi. Bu haqda The Guardian nashriga tayanib, Meduza xabar berdi.
Pekin hukumati firmalar xodimlarining 80 foizi emlangan bo‘lsa, yashil rangli, 40 foizdan 80 foizigacha emlangan bo‘lsa, ko‘k rangli, emlanganlar ulushi 40 foizdan past bo‘lsa, qizil rangli stiker bilan belgilamoqda.
Pekin hukumati rangli stikerlarni bir necha hafta oldin joriy qilgan edi. Shahar restoranlaridan birining menejeri The Guardian nashriga xabar berishicha, ularning binosi yashil rangli stiker olgan, bu esa savdoga katta yordam bermoqda. “Mijozlar bu yerda tushlik qilishni xavfsiz deb hisoblaydi”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Xitoyda koronavirusga qarshi bir nechta vaksinalar ishlab chiqildi va 145 milliondan ortiq aholi virusga qarshi emlandi. Hukumat iyun oyigacha 560 million kishini (aholining 40 foizi) vaksinatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Xitoyda foydalanuvchilarga ularning sog‘lig‘i va tashriflari tarixidan kelib chiqib yashil, sariq yoki qizil rang beruvchi mobil dastur ishlab chiqilgandi. Jamoat joylariga kirish yoki jamoat transportidan foydalanishdan oldin odamlar dasturning ularga qanday rang berganini ko‘rsatishi kerak.
Ma’lumot uchun, Venesuelada ham Yarakuy shtatining Sukre munitsipaliteti meri Luis Duke koronavirus bilan kasallanganlar yashovchi uylarga maxsus taxtachalar ilishga ko‘rsatma berdi. Taxtachaga qizil diametrli aylana (taqiq belgisi) tasviri tushirilgan belgi ilingan uyda koronavirusga chalingani aniqlangan yoki gumon qilinayotgan odam yashayotganini anglatadi.
Izoh (0)