Turkmanistonda bir martalik mukofot pullari va oylik pul mablag‘lari berishni ko‘zda tutuvchi xalq itboqari va xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonlari ta’sis etildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning tegishli qonunlarini nashr etuvchi “Neytralniy Turkmenistan” gazetasining xabar berishicha, xalq itboqari unvoniga sazovor bo‘lganlarga eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik mukofot va oylik, pensiya, nafaqa va stipendiyalariga eng kam ish haqining 30 foizi miqdorida oylik ustama qo‘shiladi.

Xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonini olganlarga esa eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdorida bir martalik mukofot va har oy eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida ustama beriladi.

Turkmaniston xalq itboqari unvoni “Turkmaniston mustaqilligi yillarida xalqning milliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan turkman alabaylarining dunyo miqyosidagi obro‘sini oshirishga katta hissa qo‘shgan” shaxslar uchun beriladi.

Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan itboqar unvoni “turkman xalqining eng boy madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan turkman alabaylarini boqish va naslini ko‘paytirishda katta xizmat qilgan” shaxslarga taqdim etiladi.

Ushbu mukofotlar Turkmaniston fuqarolariga, shuningdek, chet elliklarga ham berilishi mumkin.

Avvalroq Gurbanguli Berdimuhamedov Axaltekin ot majmuasiga tashrif buyurgani haqida xabar berildi. Majmuada davlat rahbariga parvarishi bilan o‘zi shug‘ullangan Akxan otidan birinchi toychoq tug‘ilgani haqida “xushxabar” yetkazildi.

Shuningdek, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 25-yanvar kuni Ashxobodda qurilayotgan yirik obyektlarni ko‘zdan kechirish vaqtida “Turkman alabay itlari” xalqaro assotsiatsiyasi buyurtmasi bilan kuchuklar uchun qurilayotgan maxsus boshpanalarni ham ko‘zdan kechirdi. Tashrifi yakunida Turkmaniston rahbari turkman alabayi bayrami va turkman oti milliy bayramini (Turkmanistonda aprel oyining oxirgi yakshanbasida nishonlanadi) birlashtirishni taklif qildi.