Toshkentdagi Humo Arena o‘yingohida 3-aprel, shanba kuni professional boks kechasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu boks kechasida Rio—2016 Olimpiadasi sovrindori Hasanboy Do‘stmatov (3-0, 3 KO) tanzaniyalik Muhsin Kizota (11-3, 5 KO) bilan jang qildi.
Jang Hasanboyning yaqqol ustunligida boshlandi. Birinchi raundda o‘zbekistonlik bokschi raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Ikkinchi raundda ham tanzaniyalik bokschi ikki marta nokdaun holatiga tushdi. Raund o‘rtasida referi jangni to‘xtatdi va texnik nokautni qayd etdi.
Shu tariqa Do‘stmatov mazkur g‘alabadan keyin WBA International kamariga ega chiqdi. Mazkur kamar bunga qadar vakant bo‘lib turgandi.
Eslatib o‘tamiz, Do‘stmatov bundan avvalgi jangini 2020-yilning dekabrida Odiljon Sotqinovga qarshi o‘tkazgan va uni birinchi raunddayoq nokautga uchratgandi.
Avvalroq professional boksda debyut jangini o‘tkazgan Iqboljon Xoldorov tanzaniyalik raqibini nokautga uchratgan, Sanjar Tursunov ukrainalik bokschini mag‘lub etgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)