“Daryo” muhokamalarga sabab bo‘layotgan yangi tahrirdagi lotin alifbosi haqidagi fikrlarini bilish maqsadida ushbu mavzu bilan shug‘ullanib kelayotgan mutaxassis, tarix fanlari doktori Farhod Maqsudovga murojaat qildi. Quyida uning fikrlarini taqdim qilamiz.
2021-yilning 13-mart kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga umumxalq muhokamasi uchun ikki haftalik muddatga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi jamiyatimiz taqdiri uchun qayg‘urgan barcha yurtdoshlar o‘rtasida qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘lib, bugungi kunda til va yozuvning ijtimoiy turmushimizda qanchalik muhim mavzu bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu – milliy alifbomizni yaratishda oldga tashlangan yirik bir odim, shuning uchun bu tashabbusni to‘liq qo‘llayman. Shu bilan birga, o‘z tajribamdan kelib chiqib, milliy alifbomizni takomillashtirish yo‘lida nimalarni bilishimiz kerakligi bo‘yicha fikr-mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Alifboning birinchi qoidasi – “bir tovushga bir harf bo‘lishi kerak”
Yangi tahrirda taqdim etilayotgan lotin alifbosi bugungi kunda qo‘llanilayotgan alifboga qaraganda ancha qulayligi bilan ajralib turishini aytib o‘tish kerak. Gap shundaki, 1993-yilda qabul qilingan va bugungacha ishlatib kelayotgan alifbomizda digraflar (bir tovushni ikki harf birikmasi bilan ifoda qilish – ch, sh) hamda apostrofli harflar (bir tovushni bir harf va apostrof birikmasi bilan ifoda qilish – g‘, o‘) ko‘plab orfografik va fonetik noqulayliklar tug‘diradi. Sababi, bugungacha ishlatib kelinayotgan alifbomiz “bir tovush uchun bir harf” degan birinchi oltin qoidaga rioya qilinmagan holda tuzilgan. Yangi tahrirda bu muammo yechilgan bo‘lib, endilikda ch o‘rniga ç, sh o‘rniga ş, g‘ o‘rniga ğ, o‘ o‘rniga õ kabi harflardan foydalanish taklif etilmoqda.Alifboning ikkinchi qoidasi – “eshitilgani kabi yoziladi”
Milliy madaniyatning davrlar o‘tishi bilan odim-odim o‘zgarib borishi kabi til ham bir yerda qotib qolmay evrilib boradi. Jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy turmushidagi o‘zgarishlar tilga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi, natijada tilda yangi so‘zlar yuzaga kelib, ayrim eski so‘zlar foydalanishdan chiqib boradi. Xuddi shu singari tildagi ayrim tovushlarning qo‘llanilishida o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu yerda so‘z h va x undosh tovushlari to‘g‘risida ketmoqda. O‘rta asrlarda o‘zbek tiliga arab va fors tillaridan ko‘plab so‘zlar kirib kelgan bo‘lib, bularning ta’sirida alifbomizga “h-x” tovushining hatto uchta turi joriy qilingan. O‘rta asrlarda ziyolilari uchun arab va fors tillaridan kirib kelgan so‘zlarni asl shaklida talaffuz etish o‘ziga xos “ma’lumotlilik” belgisi bo‘lgan. Bu hodisa “forinizm” deb ataladi va bir tildagi chetdan kirib kelgan so‘zlarni asl shaklida talaffuz etilishini anglatadi. Tilshunoslar forinizmning odatda bir til milliy tovush tizimining buzilishida o‘rni borligini ta’kidlaydilar.Bugungi kunda yurtimiz aholisining savodxonligi o‘ta yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik h va x tovushlarining farqiga bormasligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hatto o‘zbek tili va adabiyoti sohasida oliy ta’lim olgan talabalarda ham bu holni uchratish qiyin emas. Biroq buni men nuqson, xato yo kamchilik o‘laroq ko‘rmayman, chunki bu hol alifboning “eshitilgani kabi yoziladi” degan ikkinchi oltin qoidasiga zid keladi. Aholining ko‘pchiligi x va h tovushlarining farqiga bormasa, imloviy xatosiz yozishning yagona yo‘li bu harflarning ishlatilishini yodlashdan iborat bo‘ladi. O‘z alifbomizni tahrirlash o‘z qo‘limizda bo‘lsa, unda nega o‘zimizga muammo tug‘dirishimiz kerak? Nega to‘g‘ri yozilish imlosini bilish uchun yuzlab so‘zning yozilishini yodlashimiz kerak? Yangi alifbodan “Xx” (“iks”) harfini chiqarib tashlab, h va x tovushlari uchun “Hh” harfini qo‘llash bilan tilimizning milliy tovush tizimiga zarar bermagan holda imloviy savodxonlikni orttirib, ortiqcha noqulayliklarni yengish yo‘lida yana bir odim oldinga chiqqan bo‘lamiz deb o‘ylayman. Xuddi shu qoida bilan oldingi “ayirish belgisi”ni ifoda etgan tutuq belgisini (‘) yangi alifbodan butunlay chiqarib tashlash kerak va o‘zbek milliy tovush tizimiga zid bo‘lgan “Цц” tovushini unutish kerak degan tushunchadaman.
Alifboning uchinchi qoidasi – “birinchi o‘zbek lotin yozuvi bo‘lgan yanalif negizida shakllanishi kerak”
1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunda lotin yozuviga o‘tish “...o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929-1940-yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarini inobatga olgan holda respublikaning har taraflama kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi” degan g‘oya bilan qabul qilingan edi.Bugungi kunda o‘zbek jamiyati buyuk o‘zgarishlar bo‘sag‘asida turganini hisobga olsak, har otilgan odimning naqadar muhimligini ko‘ramiz. O‘zbek xalqi va tili tarixiy kelib chiqishiga ko‘ra, Yevrosiyoning keng maydonlarida shakllangan umumiy turkiy sivilizatsiyaning ajralmas bir bo‘lagi sanaladi. O‘zbek tilining lingvistik tasniflarda turkiy tilning qarluq tarmog‘iga tegishli bir til ekani, shu bilan birga, boshqa turkiy tillardan farqli o‘laroq o‘zida ham o‘g‘uz, ham qipchoq tarmoqlarining xususiyatlarini mujassam etgani ta’kidlanadi. Sovet tuzumi ostidagi barcha turkiy xalqlarning ziyolilari va shu jumladan, o‘zbek jadidchilari 1920-yildayoq o‘zbek va boshqa qardosh turkiy tillarning unifikatsiyalashtirilgan (birlashtirilgan) umumturkiy lotin alifbosiga o‘tish loyihasi ustida ishlab kelishgan. 1921-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi Imlo yig‘ilishida ham o‘zbek tilini lotinchalashtirish masalasi ko‘tarilgan edi. 1926-yilda Boku shahrida birinchi turkologiya yig‘inida Sovet Ittifoqida yashagan barcha turkiy xalqlarning lotin grafikasi negizida yangi alifbo – Yanalifga o‘tish g‘oyasi tasdiqlangan. Buni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda Yangi alifbo qo‘mitasi (YAQ) tashkil etilgan. O‘shanda ommaviy axborot vositalarida, yig‘ilish va anjumanlarda yangi alifboning turli loyihalari bo‘yicha qizg‘in tortishuvlar bo‘lib o‘tgandi. O‘zbek yozuvida “unli tovushlar uyg‘unligi” (singarmonizm) hodisasi eng ko‘p muhokamaga tortilib, oqibatda singarmonizmni ifoda etish kerakligi to‘g‘ri deb topilgan; buning uchun barcha unli tovushlar “qalin” va “ingichka” deya juft-juft shaklda kiritilgan edi: a-ə, o-ө, u-y, i-, e. Bu masalada bugungi kunda ham yangi ilmiy tortishuvlarga ochiq bo‘lishimiz kerak deb o‘ylayman.
1929-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Imlo anjumanida lotin yozuviga asoslangan 34 harfli yangi o‘zbek alifbosi – Yanalif umumturkiy alifbosi tasdiqlangan. Bu yozuv 1940-yilda yoppasiga kirillchalashtirish siyosati davrigacha amalda bo‘lib, tilimizning milliy tovush tizimini to‘liq aks ettirgan edi. Bundan tashqari, Sovet Ittifoqidagi barcha turkiy xalqlar Yanalifni o‘z milliy alifbosi deb qabul qilgan. Turkiyada ham aynan o‘sha yillarda lotin alifbosiga o‘tish masalasi ko‘rila boshlab, 1928-yilda yangi lotin yozuvi qabul qilingan. Yanalif va Turkiya lotin alifbolari bir-biriga o‘ta o‘xshashligi ko‘zga tashlanardi. Chunki turkiyalik islohotchilar Sovet Ittifoqi turkiy xalqlari tomonidan 1926-yilda yaratilgan lotin yozuvi asosidagi yangi alifboning qabul qilinishidan kuchli ma’naviy dastak olgan edilar. Bu haqda bir necha izlanuvchi, jumladan, niderlandiyalik tarixchi Erik Zyurkerning “Turkiya yangi tarixi” asarida ma’lumot beriladi. Demoqchi bo‘lganim shuki, bugungi kunda yangi lotin alifbomizni yurtimizda 1926-1940-yillarda amalda bo‘lgan Yanalif lotin alifbosi negizida yaratishni yoki bugungi kunda taklif etilayotgan tahrirdagi ç, ş, ğ, õ harflarining joriy qilinishini ayrim yurtdoshlarimiz aytgandek “Turkiya alifbosiga o‘xshatish” deb talqin qilish mutlaqo asossizdir. Xuddi shuningdek, bugungi kunda “j” tovushini “Jj” harfi bilan emas, “Cc” harfi bilan ifoda etish alifbomizni birinchi o‘zbek lotin yozuvi bo‘lgan Yanalifga birmuncha o‘xshatish bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi lotin alifbosi versiyasining qabul qilinishi bir qarashda alifbo muammoyimizni uzil-kesil hal qilishiga o‘xshasa-da, aslida masalaga chuqurroq kirishilsa bugungi alifbomizning tilimizdagi barcha tovushlarni to‘g‘ri ifoda etmasligi kuzatiladi. Ajdodlarimizning o‘tmishda bir necha yozuvlardan, jumladan O‘rxun (VI-X asrlar), sug‘d-uyg‘ur (VIII-XVII asrlar), arab (XI-XX asrlar), Yanalif lotin (1929-1940yy.), kirill (1940-1992yy.) va yangi lotin (1993-yildan buyon) alifbolaridan foydalanganini bilamiz. Bular ichida o‘zbek tilining milliy tovush tizimiga zarba bergan yozuv – kirill imlosi sanaladi, chunki 1940-yilda joriy qilingan rus alifbosi negizida tuzilgan o‘zbek kirillchasida “Oo” harfi oldingi Yanalif lotinchasidagi “yumaloq a” tovushini ifodalaydigan bo‘lib qolgan. Bu tovush “o‘” emas, “a” tovushining allofoni (“a” tovushining bir varianti) bo‘lgani uchun uni ifoda etishda “Aa” harfiga bir diakritik belgi qo‘yilsa kifoya qilardi, biroq negadir kirillchamizda buning o‘rniga “Oo” harfining ishlatilishi ma’qul ko‘rilgan. Natijada, 1940-yilgacha Yanalif lotinchasida o‘zbek tilida muammosiz “Taşkent” shaklida yozib kelingan so‘z endilikda kirillchada “Toshkent” shakliga aylangan. Shuningdek, o‘zbekcha “Buxara” endilikda “Buxoro” shaklida, “ata-babalar” esa “ota-bobolar” shaklida yozila boshlagan. Holbuki, hatto xalqaro standart lotin alifbosi (ISO Basic Latin Alphabet) va xalqaro fonetik alifboda (International Phonetic Alphabet - IPA) “Oo” harfi “o‘tirmoq”, “o‘sha”, “o‘rin” kabi so‘zlardagi “o‘” tovushini ifoda etadi.
1940-yilda kirill alifbosi bilan birga joriy qilingan va 1993-yilda yangi lotin alifbosiga ko‘r-ko‘rona ko‘chirilgan ushbu yanglishlik natijasida o‘zbek yozuvi hatto xalqaro so‘zlarni yozishda boshqa tillardan tubdan farq qila boshlagan. Bu esa o‘zbek tilini o‘rganmoqchi va o‘zbekchadagi so‘zlarni talaffuz qilmoqchi bo‘lgan chet elliklarni doim yanglish talaffuz qilishga olib kelgan, chunki aslida Toshkent so‘zidagi “o” tovushi “o‘” tovushiga emas, balki “a” tovushiga yaqin, aytib o‘tganimizdek, uning varianti xolos. “Toshkent”, “Buxoro”, “ota-bobolar” kabi so‘zlardagi “o” tovushi hatto eski o‘zbek imlosida “vov” emas, “alif” bilan ifoda etilgandi. Shuning uchun bu tarixiy yanglishlikni tuzatish va o‘zbek yozuvini standart lotin alifbosiga yaqinlashtirish uchun yangi lotin alifbomizdagi “Oo” harfini “Åå” shaklida o‘zgartirishni, ya’ni “Aa” harfi ustiga yumaloq diakritik belgi qo‘yish bilan ifoda etishni taklif qilaman. Shunda yuqorida o‘rnak uchun olingan so‘zlar “Tåşkent” (Toshkent), “Buhårå” (Buxoro), “åta-båbålar” (ota-bobolar) shaklida yoziladi va xalqaro hamda umumturkiy talaffuz standartiga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy informatsion texnologiyalar davrida bunday diakritik belgili harf kiritish katta muammo tug‘dirmaydi, chunki yangi alifbo tasdiqlanishi bilan uni xalqaro UNICOD tizimiga kiritish uchun murojaat qilinadi va barcha “aqlli” vositalarda “O‘zbek tili va klaviaturasi” joriy qilinadi.
Xulosa o‘rnida
Bugungi kunda qardosh turkiy xalqlar (Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Turkiya va b.) milliy tovush tizimiga asoslangan yangi lotin alifbolarini qabul qilayotgan bir davrda o‘zbek jamiyati bu masalada XX asr boshidagi faolligini, liderligini ko‘rsatishi kerak. Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida milliy tovush tizimimizning aks etishi o‘zbek matnlarining Yevrosiyo qit’asi bo‘ylab barcha turkiy xalqlar tomonidan osonlikcha o‘qib-tushunilishida, biz yaratgan intellektual va ma’naviy mahsulotning keng yoyilishida, o‘zbek tilining ko‘plab qardosh xalqlar tomonidan o‘rganilishida va mintaqada oldda kelgan jamiyat sifatida shakllanishimizda tub burilish yaratadi deb o‘ylayman.Shuning uchun ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan “alifbomizga o‘zgartirishlar kiritish ko‘plab muammolar tug‘diradi, birinchidan, ortiqcha xarajatlar nega kerak, ikkinchidan esa barcha o‘zbekistonliklar bugungacha ishlatib kelinayotgan o‘zbek lotin yozuviga o‘rganib qolgan, bu islohot umumiy savodxonlikka katta zarba beradi” mazmunidagi qayta-qayta bildirilayotgan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Til va yozuv masalasi – milliy madaniyat masalasi bo‘lgani uchun u moliyaviy chiqimlar bilan o‘lchanmasligi kerak. Bir davlatning o‘z mustaqilligini xalqaro ko‘lamda namoyish etishi uchun milliy atributlar bo‘lgan o‘z Konstitutsiyasi, davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga sarflanayotgan mablag‘lar ahamiyatsiz bo‘lganidek, milliy yozuvni ham takomillashtirishga qilinadigan chiqimni hadeb eslataverish yaramaydi.
Men tilni milliy madaniyatimizni bugungi kundagi ayovsiz globallashuv dengizida cho‘kib ketishdan, boshqacha aytganda, madaniy assimilyatsiyaga uchrab boshqa madaniyatlar ichida erib ketishidan asrab turgan bir qutqaruv qayig‘iga o‘xshataman. Qadriyatlarimiz milliy madaniyatimizning o‘zagi bo‘lib, xalqimiz tomonidan yaratilgan buyumlar, tushunchalar, g‘oyalar va munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Bu taniqli siyosiy iqtisodchi Maks Veberning “qadriyatlar insonning xulqini belgilaydi” degan so‘zlariga mos tushadi. Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan jahonda qadriyatlarimizga tayangan holdagina milliy o‘zligimizni saqlab qolishimiz mumkin. Mana shu yerda sahnaga milliy til chiqib keladi, chunki til milliy qadriyatlarni saqlash va kelgusi avlodga yetkazish vositasidir. Til – milliy qadriyatlarni so‘zli o‘laroq qayd etuvchi, ming yillar davomida ota-bobolarimiz to‘plagan ijtimoiy ko‘nikmalarni ajdoddan avlodga yetkazib beruvchi va tarixiy chog‘larni bir-biriga bog‘lovchi unsurdir. Har bir til unda so‘zlashuvchi jamiyatning madaniy birikmasini o‘ziga xos milliy tovush tizimi negizida shakllangan alifbo yordamida yozuvga tushiradi. Shunday ekan, tilimiz va yozuvimizga alohida e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, har qanday islohot bugun va kelajak uchun xizmat qilishi kerakligini unutmaylik. Bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim”da so‘zlagan nutqida: “Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Yaqinda mamlakatimiz “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi”ga a’zo bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, nafaqat o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat qiladi”, deb urg‘u bergani bejiz emas. O‘zaro qardoshlik aloqalari yanada rivojlanayotgan bugungi kunda yozuvimizni umumturkiy milliy tovush tizimi doirasida shakllantirishimiz kerak. Bu yo‘nalishda mustaqilligiga yangigina erishgan turkiy davlatlar (O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya) vakillarining Istanbul Marmara universitetida 1993-yilda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida tasdiqlangan va Turkiy davlatlar hamkorligi kengashida qabul qilingan 34 harfli “Umumturkiy alifbo” biz uchun yo‘l ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qilishi kerak.
Umumturkiy alifbo (Birlashtirilgan turkiy alifbo – BTA) o‘zbek va qardosh turkiy xalqlarning XX asrda qo‘lga kiritgan tajribasi negizida shakllantirilgan bo‘lib, barcha turkiy xalqlarning milliy tovush tizimini eng to‘g‘ri shaklda ifodalashi jahonning ko‘plab yirik tilshunos mutaxassislari tomonidan qayd etilgan. Bugungi kunda bu alifboga o‘tish birmuncha imlo qiyinchiliklarini vujudga keltirsa-da, uni rasman qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Bundagi diakritik belgili harflarni ishlatishni o‘rganish vaqt oladi, shuning uchun o‘tish davrida diakritik belgisiz yozilishni ham to‘g‘ri variant deb qabul qilib turilsa bo‘ladi. Bu alifboga o‘zbek tilining ming yillar davomida shakllangan nafis tovush tizimiga mos tushadi. U keskin yechim bo‘lib tuyulsa-da, bir marta qabul qilingandan so‘ng kelajakda qo‘shimcha isloh qilishga ehtiyoj qoldirmaydi. Buni bugungi kunda har birimiz to‘laligicha anglamasligimiz mumkin, biroq kelgusi avlodga o‘zbek tilining milliy tovush tizimini yetkazib berishga majburmiz.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)