Ko‘cha rassomi Benksining Game Changer nomli kompozitsiyasi Christie’s kimoshdi savdosida 16,758 million funt-sterlingga sotildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: Getty Images

Asarning estimeyti, ya’ni boshlang‘ich narxi 2,5–3,5 millionni tashkil qilgan. Sotuvdan tushgan mablag‘larning hammasi xayriya tashkilotlari va kasalxonalarga yo‘naltiriladi.

CNN nashrining xabar qilishicha Game Changer Benksi asarlari orasida eng qimmat narxga baholangan suratga aylandi. Bu borada avvalgi rekord 2019-yilda o‘rnatilgan, o‘shanda rassomning Devolved Parliament (“Topshirilgan Parlament”) deb nomlangan asari Sotheby’s auksionida 9,9 million funtga sotilgandi.

Foto: Wikipediya

Benksi kartinani 2020-yil may oyida koronavirus pandemiyasi sabab e’lon qilingan lokdaun davrida chizgan va asarni Sautgempton shahridagi shifoxonaga sovg‘a qilgandi. Asar ostiga barcha tibbiyot xodimlariga minnatdorlik so‘zlari yozib qo‘yilgan. Tasviriy san’at namunasi kimoshdi savdosida sotuvga qo‘yilguniga qadar bir necha oy davomida shifoxona binosidagi devorda turgan.

Avval noma’lum shaxslar Benksining Redingdagi qamoqxona devorga chizgan graffitisining bir qismini o‘zgartirib ketgani, Nyu-Yorkda rassomning asari 95 ming dollarga sotib olinib, kriptovalyutaga aylantirish maqsadida yoqib yuborilgani, Angliyada aksirayotgan kampir aks etgan Benksining yangi graffitisi chizilgani haqida xabarlar berilgandi.