Mashhur ko‘cha rassomi Benksi 10-dekabr kuni Instagram’da o‘zining yangi asarini joyladi, deb xabar bermoqda Meduza.
Unda ro‘moldagi keksa ayolning qattiq aksirganidan qo‘lidagi sumka va hassasi tushib ketgani, og‘zidan esa sun’iy jag‘ tishlari otilib ketgani aks etgan. Yangi asar “A-a-apchhi” deb nomlanadi.
Benksining yangi asari ko‘chaning boshidagi qiyalikda joylashgan uyda bo‘lib, Instagram’da joylangan surat shunday olinganki, xuddi keksa ayolning aksa urishidan qo‘shni uylar yon tomonga og‘ib, uyning yonidagi soyabonli o‘tkinchi yerga yiqilayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Rasm Instagram’ga joylanganidan bir sutka o‘tmay u 2 millionta layk to‘plagan.
Graffiti Bristol shahrida paydo bo‘lgan. Shahardagi Veyl-strit Angliyadagi tik turar joy ko‘chasi hisoblanadi. Uning qiyaligi 22 darajani tashkil etadi.
Veyl-strirtda yashovchi Deyl Komlining BBC’ga aytishicha, 10-dekabr kuni erta tongda u derazaga qaragan va ko‘chada nur qaytaruvchi kurtka kiygan “baquvvat yigit”ning ko‘cha burchagidagi uyning devoriga tikilib turganini ko‘rgan. Komli uni ishchilardan biri deb o‘ylagan. Ammo oradan bir soat o‘tib ko‘chada bir to‘da odamlarning graffiti tomosha qilayotganini ko‘rgan.
Ayni paytda Benksining asari saqlanib qolishi uchun shaffof plastik ekran bilan qoplangan. Rassomning Instagram’idagi obunachilarining fikricha, graffiti chizilgan uy egasi millionerga aylanadi. Benksining asarlari bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan art-diler Joui Sayer “A-a-apchhi”ni 3-5 million funt sterling (4-6,5 million dollar)ga baholagan.
Yaqinda graffiti chizilgan uy sotuvga qo‘yildi. Bungacha Veyl-Stritdagi ko‘chmas mulklar narxi 400 ming funt (530 ming dollar)dan oshmagan.
Bu Benksining Bristol ko‘chalaridagi sakkizinchi graffitisi. Mahalliy BristolLive gazetasi Benksining yangi asarida aks etgan soyabonli kishi qidirilayotganini e’lon qilgan.
Jurnalistlarning fikricha, Benksining yangi graffitisi, avvalgilari kabi koronavirus pandemiyasiga bag‘ishlangan. Ushbu asar britaniyaliklar COVID-19’ga qarshi vaksina olishni boshlaganidan 2 kun o‘tib paydo bo‘lgan va aftidan, jamoaviy immunitet shakllanishiga bir qadam tashlanganiga qaramay, virus tarqalishining oldini olish uchun odamlar niqob taqishda davom etishi kerakligiga ishora qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Benksi noma’lum ko‘cha rassomining taxallusi bo‘lib, u turli shaharlarning ko‘chalarida chizgan suratlari bilan tanilgan. Rassom o‘zini ommaga ma’lum qilmagan va uning shaxsi sirliligicha qolmoqda.
Mavzuga doir:
- Benksining kartinasi o‘n daqiqadan kamroq vaqt ichida qariyb 10 mln dollarga sotildi
- Ko‘cha rassomi Benksining yangi asari Nottingemda paydo bo‘ldi
- Mashhur ko‘cha rassomi Benksi sudda o‘zini oshkor qilmagani uchun eng taniqli asarlaridan birining mualliflik huquqidan mahrum bo‘ldi
- Italiyada Benksining o‘g‘irlab ketilgan asari topildi
- Benksi yangi kartinasida shifokorlarni superqahramonlarga tenglashtirdi.
- Benksining Britaniya parlamenti mazax qilingan kartinasi 12 mln dollarga sotildi. Bu ko‘cha musavviri asarlari uchun yangi rekord
- “Uydan ishlashimni xotinim yomon ko‘radi”. Benksi o‘zining karantinga bag‘ishlangan yangi ishlarini ko‘rsatdi (foto)