“O‘zbekkino” agentligi Toshkentdagi Premier Hall kinoteatrini 5 yilga ijaraga berdi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar berdi.
Lotdan 1192,8 kvadrat metrli kinozallar, 600 kvadrat metr maydonga ega tashqi reklama maydonchasi, 230 kvadrat metrli umumiy ovqatlanish va 114 kvadrat metrli chakana savdo hududlari o‘rin olgan.
Ushbu kinoteatrdan foydalanish huquqi bir yili uchun 768 million so‘m miqdoridagi boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yilgan. Auksion yakunlariga ko‘ra, Lucky Cinema Group MChJ 17,17 milliard so‘m bilan g‘olib chiqqan. Undan keyingi raqobatchi — Invest Agreement Group MChJ 17,15 milliard so‘mni taklif etgan.
Kinoteatr bir qator majburiyatlar bilan auksionga qo‘yilgan — g‘olib 5 milliard so‘m investitsiya kiritishi, 50 ta yangi ish o‘rni yaratishi, kinoteatrni modernizatsiya qilishi kerak (DCP, Dolby Atlas va IMAX joriy etishi).
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi 2018—2019-yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 yilda 49 ta kinoteatr qurilishi, ularning 12 tasi yozgi bo‘lishi lozimligi belgilangan edi.
Izoh (0)