Britaniyaning Faradair kompaniyasi gibrid samolyotlarni yaratish ustida ish olib bormoqda, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.
Mazkur samolyotlar biodizel va elektrodvigatelli noyob kombinatsiyaga egaligi sabab gibrid deb ataladi. Elektrodvigatel uchish va qo‘nish vaqtida kerak bo‘ladi, ular quyosh batareyalari yordamida quvvatlanadi. Bioyoqilg‘ida ishlovchi dvigateldan esa parvoz vaqtida foydalaniladi.
Samolyot uchtalik korobkasimon qanotga ega — bu kabi tajriba konstruksiyadan birinchi bor 1920-yilda foydalanilgan. Yangi texnika ustida ish olib borgan kompaniya kelajak transportining ekologikligiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Faradair samolyotining tezligi soatiga 370 kilometrga yetadi. Uning ichida 18 ta o‘rindiq joylashgan. Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, samolyotning ko‘tarilish vaqtidagi shovqini 60 detsibelni tashkil etadi, bu fon musiqasi va suhbatdagi shovqin darajasiga teng.
Birinchi tijoriy parvoz 2026-yilga mo‘ljallangan, 2030-yilga borib esa kompaniya bu turdagi samolyotlardan 300 donasini ishlab chiqarishni reja qilgan.
Avvalroq Kanadada gibrid uchar avtomobil taqdim etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)