AQSh prezidenti Jozef Bayden Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan birinchi marta telefon orqali muloqot qildi, deb yozadi “RBK” Oq uy matbuot xizmatiga tayanib.

Foto: Getty Images

Muzokaralar chog‘ida Bayden Pekinning xatti-harakatlaridan xavotirda ekanligini bildirdi. Xususan, u Gonkong, Shinjon va Tayvandagi vaziyatlarni tilga oldi. Shuningdek, Amerika prezidenti “Pekinning majburiy va nohalol iqtisodiy xatti-harakatlariga nisbatan jiddiy tashvish bildirdi.

Bundan tashqari, Amerika yetakchisi amerikaliklarning xavfsizligi, farovonligi, salomatligi va hayot tarzini himoya qilishga tayyor ekanligini aytib, o‘zining birlamchi yo‘nalishlaridan biri sifatida erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasini ko‘rsatib o‘tdi.

Yakunda ikkala mamlakat yetakchilari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishlari va qurol tarqatmaslik borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Avvalroq Bayden Xitoy va AQSh o‘rtasida kuchli raqobat borligini aytib, u nizoga aylanib ketishi kerak emas, degan fikrni bildirgan edi. Shuningdek, AQSh prezidenti o‘zidan avvalgi davlat rahbari Donald Tramp kabi Xitoy bilan savdo urushlarini boshlamaslikka va’da bergan edi.

Bundan avval AQSh davlat kotibi Entoni Blinken xitoylik hamkasbi Yan Szechi bilan telefon orqali suhbatlashgan va AQSh Xitoyni xalqaro me’yorlarni buzganlik uchun javobgarlikka tortishga harakat qilishini bildirgan edi. Xususan, Blinken Xitoyning xatti-harakatlari Hind-Tinch okeani mintaqasidagi barqarorlikka xavf solishini aytgan.

O‘z navbatida, Xitoy AQShni so‘nggi vaqtlarda Xitoyga nisbatan yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatib, hamkorlikka e’tibor qaratishga chaqirgandi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidagi uyg‘urlarga nisbatan xatti-harakatlarini genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb atagan edi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo o‘z vakolatlari tugashidan bir kun oldin e’lon qildi. Avvalroq uyg‘urlar genotsidi haqida AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden ham aytib o‘tgan edi. AQSh Xitoyning uyg‘urlarga qarshi harakatlarini genotsid deb atagan birinchi mamlakat bo‘ldi. Oq uyning yuqori mansabli vakillari boshqa mamlakatlar ham tez orada AQShdan o‘rnak olishiga umid qilmoqda.