2003-yil Gonkongdagi mehmonxonadan ilk bor tarqalishni boshlagan epidemiya keyinchalik 20 dan ortiq mamlakatdagi 8000 dan ortiq kishiga yuqib, koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan ilk pandemiyasiga sababchi bo‘ldi. “Daryo” mazkur pandemiya tarixi haqida hikoya qiladi.
SARS (Severe acute respiratory syndrome), ya’ni o‘tkir o‘g‘ir respirator sindrom 2003-yil Gongkongda tarqalgan ilk koronavirusli pandemiya edi. U birinchi marta 2003-yil fevral oyi oxirida Xitoyda paydo bo‘lgan va boshqa 4 ta mamlakatga tarqalgan epidemiya paytida aniqlangan.
SARSning qo‘zg‘atuvchisi havo orqali yuqadigan virus bo‘lib, u sovuqda avjlanadi va grippga o‘xshash tarzda so‘lakning mayda tomchilari orqali tarqalishi mumkin. Bu XXI asrda paydo bo‘lgan birinchi og‘ir va osonlikcha yuqadigan yangi kasallik bo‘lib, xalqaro havo qatnovi yo‘nalishlari bo‘ylab tarqalish qobiliyatini ko‘rsatdi. Shuningdek, SARS virusini yuqtirgan kishi tegib turgan yuzalar orqali bilvosita tarqalishi mumkin edi.
SARS bilan aniqlangan bemorlarning aksariyati 25—70 yoshdagi sog‘lom kishilar edi. 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida SARS kasalligining bir nechta shubhali holatlari qayd etilgan. JSSTning SARS bilan kasallanganlar orasida o‘lim darajasi o‘rtacha 3-10% atrofida edi.
Kasallikning belgilari
SARS ko‘pincha pnevmoniya yoki grippga o‘xshaydi. Kasallik quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi:- isitma (tana harorati 38°C va undan yuqori);
- bosh og‘rig‘i;
- umumiy holsizlik;
- miyalgiya (mushaklar og‘rig‘i);
- quruq, balg‘amsiz yo‘tal.
SARS’ning o‘ziga xos xususiyati aksirish va burun bitishining yo‘qligida ko‘rinadi. SARS odatda infeksiyadan 2-7 kun o‘tgach paydo bo‘ladigan isitma bilan boshlanadi, ammo shu bilan birga, alomatlar 10 kungacha bo‘lmasligi mumkin. Sovuq qotish, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i va umumiy diskomfort ko‘pincha kuzatiladigan belgilardan hisoblanadi. Kasallik boshlanganidan 2-7 kun o‘tgach, quruq yo‘tal paydo bo‘ladi. Ba’zida SARS og‘ir pnevmoniyaga aylanib, nafas yetishmovchiligi va gipoksemiyaga olib keladi.
Kasallik alomatlar paydo bo‘lganda yuqumlilik darajasi eng baland nuqtada bo‘ladi. Kasallikning klinik belgilari paydo bo‘lishidan oldin (prodromal davrida) yoki ular yo‘qolganidan keyin boshqa odamlarga yuqtirish mumkinmi, yo‘qmi, bu olimlarga hanuzgacha ma’lum emas.
Kasallikning paydo bo‘lishi
2002-yil noyabr oyida Xitoyning janubi-sharqidagi Guanjou provinsiyasi shifokorlari SARS yoki o‘tkir og‘ir respirator sindrom deb ataladigan kasallikni birinchisini ro‘yxatdan o‘tkazishni boshladi. Keyingi bir necha oy ichida shu kasallikka 26 mamlakatda 8096 kishi chalindi, oqibatda 774 kishi vafot etdi. SARS’ning dastlabki holatlari to‘g‘risida tezda xabar bermaslik kasallik avjlanib, tarqalishiga hissa qo‘shdi.SARS haqida dunyo hamjamiyatini, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini xabardor qilishni kechikishining sabablari murakkabdir. Shifokorlar ilgari bunday belgili virusli kasallikni hech qachon ko‘rmaganlar va dastlab Guangjou aholisida ko‘rgan belgilarni oddiy gripp bo‘lishi mumkin deb o‘ylashgan.
“Hech kim bu haqda bilmagan, shu jumladan Pekindagi shifokorlar ham”, deydi Arnold S. Monto, Michigan universiteti epidemiologiya va global sog‘liqni saqlash professori. “Shifokorlar kuzatgan kasalliklarida yangi belgilar borligini tushuna boshlaganlaridan keyin ham bir muncha vaqt butun dunyoga xabar berishmadi va bu esa pandemiya kelib chiqishi omillaridan biri edi”.
Bundan tashqari, Xitoy rasmiylari shifokorlarni Pekindagi SARS kasalligi haqida xabar bermaslikka chaqirgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar mavjud. 2003-yil aprel oyida Time jurnali Pekindagi harbiy kasalxona shifokori Szyan Yanyongdan poytaxtda SARS bilan kasallanganlarning haqiqiy soni rasmiy ma’lumotlarga qaraganda ancha ko‘p bo‘lganligi to‘g‘risida xat oldi. Bu haqiqat bo‘lib chiqdi va Xitoy rasmiylari o‘sha oy uchun haqiqiy raqamlarni e’lon qildi. Shu bilan Szyanni taqib qila boshlashdi.SARS Xitoyda paydo bo‘lib, Gonkongga ko‘chib o‘tgan
Gonkongda SARS epidemiyasi uch bosqichda sodir bo‘ldi. Birinchisi, shifoxonada faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari, shu bilan bilan birga, shu yerda ta’lim bilan mashg‘ul bo‘lgan talabalarni va o‘qituvchilarni qamrab oldi. Ushbu bosqich 2003-yil mart oyining birinchi o‘n kunligidan oxirigacha bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi bosqich – yuqumli kasallikning kasalxonadan tashqariga chiqib, jamoaga tarqalishi natijasida kelib chiqqan jamoat epidemiyasi. Kasallik 2003-yil aprel oyining boshlarida Syamen Gardens deb nomlanuvchi turar joy hududida yuqishi birdaniga avjiga chiqdi. Ushbu hududda jami 329 nafar aholi kasallikka chalinib, 33 nafari vafot etdi. Uchinchi bosqich may oyining boshlarida boshlandi. Kasallik sakkizta kasalxonada va shahar bo‘ylab 170 dan ortiq turar-joy majmualarida davom etdi. Ammo kunlik kasallanishni qayd etishdagi yangi holatlar iyun oyining o‘rtalarida ikki raqamdan bitta raqamga tushdi.
Birinchi bosqich boshlanishi Xitoyning Guanchjou kasalxonasida SARS kasallarini davolash bilan shug‘ullanadigan Guanchjou professori 2003-yil fevral oyida Gonkongga tashrif buyurgani bilan bog‘liq. U 21-fevral kuni Kovlundagi Metropol mehmonxonasiga joylashdi. Professor Gonkongga sayohat qilishdan avvalroq kasallikni yuqtirib, keyinchalik kasallik belgilari yaqqollashgach 22-fevral kuni Kovlundagi Kvong Vax kasalxonasiga yotqizilgan. Keyinchalik u kasallik oqibatlari tufayli yuzaga kelgan Atipik pnevmoniyadan vafot etdi. Ushbu birinchi holatidan keyin mehmonxonada u bilan bir qavatda joylashgan 7 kishi SARS bilan kasallangan. Ular turli joydan kelgan kishilar edi. Aniqlanishicha, ushbu 7 kishi professordan kasallikni yuqtirib olib, Kanada, Vyetnam, Singapur va Gonkongning boshqa joylariga tarqatishgan. Kasallanganlar zudlik bilan kasalxonaga yotqizilib izolyatsiya qilingan.
Pandemiyaning asoratlari
To‘satdan, odatdagi shovqinli Osiyo shaharlarining ko‘plari kimsasiz bo‘lib qoldi. Savdo markazlari bo‘shab, turizm va korporativ sayohatlar telekonferensiya shakliga o‘tdi.
Yo‘lovchilarni tekshirish uchun aeroportlarda va portlarda tana haroratini masofadan ko‘rsatuvchi termal apparatlar ishlatilgan. SARS kasalligiga chalinganiga shubha bo‘lgan odamlar bilan aloqada bo‘lganlar karantin ostiga olingan va grippga o‘xshash alomatlar haqida xabar berganlarga uyda qolish tavsiya qilingan. Tashqarida yurganlar qat’iy niqoblarini taqib yurishga majburlangan.
Simptomlarning og‘irligi, yuqori o‘lim darajasi va kasalxona xodimlarining yuqtirish ehtimoli dunyo hamjamiyatida katta xavotirga sabab bo‘ldi va 2003-yil 12-martda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirusni butun dunyo bo‘ylab tarqalishini to‘xtatish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirdi. O‘sha paytda boshqa davlat fuqarolariga Janubiy Xitoyga sayohat qilishdan voz kechish tavsiya qilindi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya paytida dunyoning 30 mamlakatida 8436 SARS kasalligi qayd etilgan, 900 dan ortiq o‘lim, qurbonlarning eng ko‘p qismi Xitoyda (348 holat) va Gonkongda (298 holat) qayd etilgan.2019-yilda qaytalangan SARS Cov-2 pandemiyasi esa hozirgi kungacha davom etib kelmoqda.
Abdulaziz Akramov tayyorladi.
Izoh (0)