O‘zbekiston Superligasi 2-turi doirasida kechgan “So‘g‘diyona” — “Turon” uchrashuvida (1:0) bahsli penalti belgilanishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ikkinchi bo‘lim debyutida “So‘g‘diyona” futbolchisi darvoza tomon tepgan to‘p yaypanliklar himoyachisi G‘iyos Komilovning yelka aralash boshiga tegdi. Uchrashuv bosh hakami Viktor Serazetdinov bu vaziyatda to‘p qo‘lga tegganini qayd etib, penalti belgiladi. Mazkur jarima zarbasidan kiritilgan to‘p esa uchrashuvda yagonaligini saqlab qoldi.
Uchrashuvdan PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev mazkur vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.
“Afsuski, oramizda bosh bilan qo‘lning farqiga bormaydigan professionallar ham bor”, — deb yozadi Imomxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, o‘yindan keyin “Turon” bosh murabbiyi Islom Ismoilov ehtiroslarini jilovlay olmadi va hakamlik borasida keskin fikrlar bildirdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)