Xitoyda o‘n to‘rtinchi besh yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasini (2021-2025) amalga oshirish jarayonida pensiya yoshi asta-sekin uzaytirib boriladi, dedi Xitoy xalq respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Kesyan. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Aholining 95 foizini keksalik nafaqasi sug‘urtasi bilan ta’minlash orqali me’yoriy nafaqa yoshi bosqichma-bosqich o‘sib boradi”, — dedi bosh vazir Pekinda bo‘lib o‘tgan Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi sessiyasidagi hukumat ishi to‘g‘risidagi hisobotida.

Shu o‘rinda, Li Kesyan hukumat “tug‘ilishning me’yoriy darajasiga erishish uchun ishlash”, shuningdek, ijtimoiy ta’minot tizimini takomillashtirish niyatida ekanini e’tirof etdi.

Xitoyning avvalgi “bir oila — bir farzand” siyosati mamlakat aholisining tabiiy keksayishiga olib keldi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Xitoyda 2035-yilgacha ikkita ishchi bitta nafaqaxo‘rni boqadi, 2050-yilgacha aholining 35 foizini nafaqa yoshidagilar tashkil qiladi.

Bugungi kunda Xitoyda erkaklar 60 yoshda, ayollar esa 55 yoshda nafaqaga chiqishi mumkin.

Avvalroq Xitoyda tug‘ilish darajasining pastligi mamlakat iqtisodiyotiga xavf solishi haqida xabar berilgan edi.