Turkmanistonlik talaba Ro‘zgeldi Cho‘liyev 2-mart kuni kechqurun Istanbuldan Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga kelib tushgan paytda hibsga olindi. U internetda hukumatni tanqid qilgani uchun Turkmaniston maxsus xizmatlari tomonidan ta’qib qilinayotgan edi, deb yozadi “Xronika Turkmenistana”.
Yigitni hibsga olgan politsiya xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, u Turkmanistonga deportatsiya qilinishi mumkin.
Cho‘liyev internetda bir necha bor Turkmaniston prezidentini tanqid qilib, video joylashtirgan. Bir tanishi unga Moskvaga kelishni taklif qilgan va har tomonlama yordam berishni va’da qilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha Turkmaniston idorasi Ro‘zgeldi Cho‘liyev bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yana bir necha turkman faollari Moskvaga kelish takliflarini olgan.
Avvalroq Turkmaniston prezidenti teatrlarda “xalqning baxtli hayoti” to‘g‘risidagi spektakllar yo‘qligi sabab madaniyat vaziriga hayfsan bergan edi. “Xalqning bugungi yutuqlari va baxtli hayotini madh etuvchi yangi spektakllar madaniyat markazlari va teatrlarida namoyish etilmayapti, bu haqidagi qisqa sahna asarlari kam” — deya ta’kidlagan davlat rahbari.