Sankt-Peterburgning Nevskiy tumani sudi Rossiya davlat pedagogika universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi Oksana Borisovani “Vkontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi birovning postini “bo‘lishgani” uchun ma’muriy qamoqqa olishga qaror qildi, deb xabar bermoqda Meduza.
Stavropol o‘lkasida tug‘ilgan Borisova 23-yanvar kuni Mineralniye Vodida 26-yanvar kuni marhum maxsus xizmat askari Dmitriy Sidorenko xotirasiga o‘tkazlishi kerak bo‘lgan namoyish haqidagi postni o‘z “devori”da qayta chop etgan. 24-yanvar kuni “Roskomnadzor” talabi bilan ushbu namoyish ishtirokchilari guruhi bloklab qo‘yilgan. Shuningdek, talaba qizning “Jivoy jurnal”dagi blogi ham bloklangan.
29-yanvar kuni Borisova taqiqlangan miting uyushtirishda ayblanib, Sankt-Peterburgda qo‘lga olingan. Sud uni bir sutkalik ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilgan. Qiz bu muddatni politsiya mahkamasida o‘tab bo‘lgani sababli u ozodlikka chiqarilgan. Borisovaning advokatlari ishni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilgan ko‘plab qoidabuzarliklar ustidan arz qilishlarini ma’lum qilgan.