Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston xalq artisti, 74 yoshli Sherali Jo‘rayevning og‘ir ahvolda ekani yoki vafot etgani to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqalmoqda. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov mazkur gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida san’atkorning kenja izdosh o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayevning ma’muri G‘ayrat Shokirov bilan bog‘landi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ozib ketgan Sherali Jo‘rayevning choy ichayotgani aks etgan video tarqaldi.
“Kimlardir judayam noto‘g‘ri xabarlar tarqatib yuboribdi. Bunday gaplarni kim chiqargan bo‘lsa, Alloh unga insof bersin”, — dedi G‘ayrat Shokirov.
— Sherali Jo‘rayev ayni paytda Istanbulda davolanayotgani haqidagi xabarlar qanchalik rost?
— Aslida Turkiyaga safarga ketgan. U yerda qizlari o‘qiydi. Magistraturani bitirish arafasida diplom olish jarayonlari bo‘larkan. Hozir qizlarining oldida. 7—8-mart kunlari Toshkentga qaytib keladi. Xudo xohlasa, 21-mart kuni davlat bayramida ko‘rinish beradi. Dasturga qo‘shiqlari kiritilgan, tayyorgarlik ketyapti.
Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev ham otasining tirik va sog‘-salomat ekanligini aytib, muxlislardan yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda ham O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mavzuga doir:
- Nasafiy Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini kuylagani uchun jarimaga tortildi
- SanJay Sherali Jo‘rayev oilasi unga “Karvon”, “Gulbadan” kabi qo‘shiqlarning cover-versiyasini aytishni taqiqlaganini ma’lum qildi (video)
- Sherali Jo‘rayev: Bugunimiz xuddi Navoiy va Boyqarolar zamoniga o‘xshaydi — go‘zal ishlar boshlangan
- Sherali Jo‘rayev Ozodbek Nazarbekovning madaniyat vaziri etib tayinlanganini “ma’qul ish” deb atadi
- Sherali Jo‘rayev 25 yildan so‘ng ilk marta AQShga bordi (video)
Izoh (0)