Ijtimoiy tarmoqlarda suv minorasi ustiga chiqib olib, o‘z joniga qasd qilishga uringan ayolning xatti-harakati aks etgan videolar tarqaldi. Qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida “Daryo” muxbiri Andijon viloyati IIB axborot xizmatiga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat joriy yilning 19-fevral kuni Shahrixon tuman IIB hududida kuzatilgan.
“Mazkur vaziyat bo‘yicha Andijon viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, shu paytga qadar 7 marotaba sudlanib, ma’muriy nazoratda bo‘lgan fuqaro M.K.ga nisbatan Shahrixon tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 226-moddasi 1-qismi (ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxsning ma’muriy nazorat qoidalarini buzishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazish maqsadida 2021-yilning 19-fevral kuni ushbu fuqaro tuman IIBga chaqirilgan.
U o‘sha kuni tuman IIBga turmush o‘rtog‘i V.M. bilan birga kelgan. M.K. bilan tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda tuman IIB binosining kutish zalida qolgan rafiqasi V.M. o‘zining e’tirozlarini ma’lum qilish maqsadida IIB hududida joylashgan suv minorasining ustiga chiqib olgan. U ‘Erimni javobgarlikka tortmaysan’, degan talabini aytib, o‘zini suv minorasi ustidan tashlamoqchiligini ta’kidlagan.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida M.K.ning turmush o‘rtog‘i V.M. suv minorasining ustidan pastga tushirilgan va ular yashash uyiga jo‘natib yuborilgan. Hozirda M.K.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda va fuqaro tergov jarayoniga uyidan qatnamoqda”, deyiladi Andijon viloyati IIB axborotida.
Izoh (0)