Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor o‘zining general unvoniga munosibligini namoyon qilgan, ammo endilikda bu uning ustuvor vazifasi emas, deya aytib o‘tdi davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: kremlin.ru

“U prezidentlik vazifasini bajaradi, qiladigan ishi ko‘p... U  davlat boshqaruvi bilan bog‘liq boshqa kundalik masalalarga e’tibor qaratadi”, — deya Putin zobitlik faoliyatini olib bormasligini ta’kidladi Peskov.

Kreml vakili Rossiya rahbarining zaxiradagi yoki iste’fodagi polkovnik ekaniga aniqlik kiritmadi, ammo uning darajasini katta leytenant deb atadi.

2019-yil yanvar oyida Putin artilleriya xodimi, gaubitsa artilleriya nazorati vzvodi qo‘mondoni sifatida leytenant unvoniga tayinlanganini ma’lum qilgan edi. Bu qachon va qanday sharoitda sodir bo‘lganiga davlat rahbari aniqlik kiritmagan.

Kreml veb-saytida Vladimir Putin 1975-yilda Leningrad davlat universitetining yuridik fakultetini tugatgani haqida yozilgan. Shundan so‘ng u kontrrazvedka bo‘linmasida ishlagan, so‘ngra SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasining Qizil Bayroq institutida (hozirgi Tashqi razvedka akademiyasi) o‘qigan.

1985—1990-yillarda u Germaniya demokratik Respublikasida Drezden shahridagi hududiy razvedka idorasida xizmat qilgan va u yerda podpolkovnik unvoni bilan bo‘lim boshlig‘ining katta yordamchisi lavozimiga ko‘tarilgan.

Avvalroq Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Clubhouse ijtimoiy tarmog‘i orqali muloqot qilishga chaqirgan edi. Kremldagilar ushbu taklifni qiziqarli deb atagan.

Yanvar oxirida esa Putin va Bayden birinchi marta telefon orqali muloqot qilgan. Ular Navalniy, Ukraina, kiberhujumlar va boshqa ko‘plab masalalarni gaplashgan.